AQSh Markaziy Osiyoda iqtisodiy imkoniyatlar va raqobatni kengaytirishga intilmoqda — Marko Rubio

Joriy yilning 18 – 19-oktabr kunlari AQSh Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi. Rubio Registon maydonida mahalliy va xorijiy OAV vakillariga intervyu berdi. U O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va AQSh kompaniyalari tayyorlayotgan yangi kelishuvlar haqida gapirdi. Euronews muxbiri savoliga javoban AQShning Markaziy Osiyodagi faollashuvi mintaqa davlatlarini Xitoy yoki boshqa hamkorlardan voz kechishga undashni anglatmasligini aytdi.
Shuningdek, o‘qing: Tramp O‘zbekistonga kelgusi yil kelishi mumkin — Marko Rubio
AQSh boshqa hamkorlardan voz kechishni talab qilmaydi
Rubiodan Xitoyning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ta’siri ortib borayotgani fonida AQShning mintaqadagi roli fikr bildirdi.
«Biz bu yerga kelib, boshqa birov bilan gaplashmang yoki boshqa davlat bilan ishlamang, demoqchi emasmiz. AQSh mintaqada iqtisodiy imkoniyatlar va raqobatni kengaytirishga intilmoqda», – dedi Rubio.
Rubioning ta’kidlashicha, AQShning maqsadi Markaziy Osiyo davlatlari uchun yana bir iqtisodiy hamkor va qo‘shimcha imkoniyatlar manbaini taklif qilishdir. U Vashington mintaqa mamlakatlarining boshqa davlatlar bilan mavjud aloqalariga qarshi chiqmasligini bildirdi.
AQSh Markaziy Osiyo bilan uzoq muddatli hamkorlikni ko‘zlamoqda

Rubio AQShning Markaziy Osiyodagi faolligi vaqtinchalik emasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, mintaqa uzoq vaqt Vashington siyosatida yetarli darajada e’tibor olmagan.
«Ochig‘ini aytsam, Markaziy Osiyo so‘nggi 20 yilda siyosatchilarimiz tomonidan munosib e’tiborga olinmagan. Lekin bu o‘zgarmoqda. Shuning uchun hozir shu yerdamiz. Bu biz ustiga quradigan poydevor, xolos. Biz ko‘proq qilishni istaymiz. Bu oxiri emas, bu boshlanish», – dedi Rubio.
U yangi iqtisodiy kelishuvlarni ham uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi sifatida baholadi.
Milliard dollarlik bitimlar imzolanishi mumkin
Rubio Samarqanddagi uchrashuvlar yakunida AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yirik tijoriy kelishuvlar e’lon qilinishi mumkinligini aytdi.
«Oxir-oqibat milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolash imkoniyati bor. Ular mintaqa davlatlarini boyitadi, Qo‘shma Shtatlarga ham iqtisodiy foyda keltiradi», – dedi Rubio.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh kompaniyalari mintaqada ishlashga qiziqish bildirmoqda va hozirgi uchrashuvlar keyingi loyihalar uchun asos bo‘lishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» Samarqandda 400 dan ortiq AQSh va Markaziy Osiyo kompaniyalari muzokara o‘tkazgani haqida yozgan edi.