Galaxy S26 Ultra eng yaxshi ixtirolardan biri deb topildi

19-oktabr 2026 08:59 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Galaxy S26 Ultra eng yaxshi ixtirolardan biri deb topildi
Foto: Samsung

TIME jurnali 2026-yilning eng yaxshi ixtirolari ro‘yxatini e’lon qildi. Undan Samsung Galaxy S26 Ultra smartfoni, 32 dyuymli Odyssey G8 monitori hamda Bespoke AI Family Hub with Vision AI muzlatkichi joy oldi.

Galaxy S26 Ultra asosan Privacy Display funksiyasi tufayli e’tirof etilgan.

Privacy Display asosiy ustunlik bo‘ldi

Galaxy S26 Ultra’dagi Privacy Display ekran yon tomondan ko‘rilganda tasvirni cheklab, foydalanuvchi ma’lumotlarini begona nigohlardan himoya qilishga mo‘ljallangan.

Funksiyani One UI orqali boshqarish mumkin. Foydalanuvchi butun ekranni yoki faqat ayrim qismlarni yashirish rejimini tanlay oladi.

SamMobile’ga ko‘ra, hozircha ushbu imkoniyat Galaxy S26 Ultra’ning o‘ziga xos funksiyalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Foto: Samsung

Odyssey G8 ham ro‘yxatga kirdi

TIME Samsung’ning 32 dyuymli Odyssey G8 monitorini ham 2026-yilning eng yaxshi ixtirolaridan biri sifatida qayd etdi.

Monitor 6K aniqlikdagi IPS ekranga ega va 224 PPI piksel zichligini taqdim etadi. 6K rejimida yangilanish chastotasi 165 Hz gacha yetadi.

Dual Mode rejimida esa 3K aniqlikda 330 Hz gacha yangilanish chastotasidan foydalanish mumkin.

Muzlatkich 2 mingdan ortiq mahsulotni taniydi

Ro‘yxatga Samsung Bespoke AI Family Hub with Vision AI muzlatkichi ham kiritildi.

U Google Gemini sun’iy intellekti bilan ishlaydi va 2 mingdan ortiq qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotini aniqlab, ularni avtomatik ravishda ro‘yxatga kiritishi mumkin.

Samsung bunday kamerali muzlatkichlarni 2024-yildan beri ishlab chiqaradi, biroq yangi Vision AI tizimi oziq-ovqatlarni aniqlash va hisobga olish jarayonini ancha avtomatlashtirgan.

Galaxy Z Fold 8 ro‘yxatdan joy olmadi

Galaxy Z Fold 8 esa TIME’ning asosiy ro‘yxatiga kiritilmagan. Shunga qaramay, nashr uni iPhone Duo’ning eng yaqin raqiblaridan biri sifatida tilga olgan.

SamMobile bu qarorni alohida qayd etib, Galaxy Z Fold 8 ham texnologik jihatdan kuchli nomzod bo‘lganini ta’kidlagan.

Avvalroq «Kursiv» Galaxy S27 Ultra ekran ramkalari yanada ingichka bo‘lishi haqida yozgan edi.

Shuningdek