Germaniyada bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilmoqda

Germaniya hukumati 13 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash, o‘smirlar uchun bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etish va boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellektni o‘rgatish dasturini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Germaniya federal hukumati rasmiy sayti xabar berdi.
Hukumat 14-oktabr kuni bolalar va o‘smirlarni internetdagi xavflardan himoya qilish bo‘yicha islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini ma’qulladi. Biroq takliflar hali yakuniy qonun sifatida qabul qilinmagan, cheklovlar qachondan kuchga kirishi ham noma’lum.
13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun cheklovlar
Germaniya Yevropa Ittifoqi miqyosida yagona qoidalar joriy etilishini kutayotgan paytda milliy darajada vaqtinchalik tartib o‘rnatmoqchi. Unga ko‘ra, 13 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, asosan, taqiqlanishi mumkin.
Bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan va yoshiga mosligi tasdiqlangan platformalar bundan mustasno bo‘lishi ko‘zda tutilgan. 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun esa yoshiga qarab farqlanadigan cheklovlar rejalashtirilmoqda. Ularning aniq shartlari hozircha belgilanmagan.
Algoritmik tavsiyalar sukut bo‘yicha o‘chirilishi mumkin
Islohotlar faqat bolalarning yoshiga oid cheklovlar bilan tugamaydi. Germaniya hukumatiga ko‘ra, raqamli platformalar mahsulotlarini ishlab chiqishdayoq bolalar xavfsizligini hisobga olishi kerak.
Xususan, foydalanuvchiga kontent tavsiya qiluvchi algoritmlarni sukut bo‘yicha o‘chirib qo‘yish va internetdan haddan tashqari uzoq foydalanishga undaydigan funksiyalarni cheklash taklif qilinmoqda. Bunga lentani cheksiz aylantirish va videolarni avtomatik ijro etish kabi mexanizmlar kiradi.
Maqsad – zararli raqamli xizmatlar bilan bog‘liq xavflarni imkon qadar erta kamaytirish va bolalarni himoya qilish mas’uliyatining katta qismini ota-onalarning o‘ziga yuklab qo‘ymaslik.
Shuningdek, Germaniya 2027-yildan boshlab raqamli xizmatlarda yoshni tasdiqlash uchun d-you deb nomlangan Yevropa raqamli identifikatsiya hamyonining milliy versiyasidan foydalanish imkoniyatini yaratishni rejalashtirmoqda.
Bolalar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha nishon
Hukumatning yana bir tashabbusi – «KI-Seepferdchen», ya’ni «Sun’iy intellekt bo‘yicha kichik nishon». Bu Germaniyada bolalarga suzishni o‘rganganini tasdiqlash uchun beriladigan nishonga o‘xshash dastur bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Dastur boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellektga asoslangan ilovalarni tanish, ularning imkoniyatlari va xavflarini tushunish hamda texnologiyalardan ongli foydalanishni o‘rgatishga qaratilgan.
Tashabbusning maqsadi bolalarni sun’iy intellektdan shunchaki foydalanishga emas, balki uning natijalarini tanqidiy baholashga ham o‘rgatishdir. Dastur Germaniya bo‘ylab yagona yondashuv asosida joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Nemislarning 79 foizi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi
Qayd etilishicha, 5 – 9-oktabr kunlari Germaniyada 16 yoshdan katta 1 006 kishi o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan.
Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 79 foizi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun «sun’iy intellekt bo‘yicha nishon» dasturini foydali deb hisoblaydi. Ularning 27 foizi tashabbusni juda foydali, yana 53 foizi esa ma’lum darajada foydali deb baholagan.
Hozircha Germaniyada ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha yangi cheklovlarning kuchga kirish sanasi belgilanmagan. Hukumat tashabbuslarni qonunchilik va Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar doirasida ishlab chiqishda davom etadi.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni taklif etgandi.