O‘zbekiston va AQSh kosmosni o‘rganish bo‘yicha Artemida bitimlarini imzoladi

2026-yil 19-oktabr kuni Samarqandda O‘zbekiston – AQSh Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar, ilg‘or texnologiyalar, ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar hamda xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Oy, Mars, kometalar va asteroidlardan tinchlik maqsadlarida foydalanish hamda ularni tadqiq etish tamoyillarini belgilovchi Artemida bitimlarini imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
O‘zbekiston NASA bilan kosmik hamkorlikni kengaytiradi

Bitimni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Samarqanddagi ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng imzoladi. Saidovning ma’lum qilishicha, hujjat O‘zbekistonning NASA va Artemida bitimlarida ishtirok etayotgan boshqa davlatlarning kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.
NASA 2026-yil 28-sentabr holatiga Artemida bitimlariga 76 davlat qo‘shilganini ma’lum qilgan edi. O‘zbekistonning qo‘shilishi bilan ularning soni 77 taga yetdi.
Kosmik texnologiyalar va kadrlar tayyorlash

Saidov xabariga ko‘ra, kelishuv milliy mutaxassislarni tayyorlash va kosmik texnologiyalar transferi uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Artemida bitimlari kosmosni tinch maqsadlarda tadqiq etish, faoliyatning shaffofligi va xalqaro hamkorlik tamoyillarini belgilaydi.
Avvalroq «Kursiv» AQSh Davlat kotibi AQSh bilan kelajakdagi kelishuvlar, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar hamda Donald Trampning ehtimoliy tashrifi haqida gapirganini yozgan edi.