Prezident va davlat stipendiyalari test natijalari e’lon qilindi

2026/2027-o‘quv yili uchun O‘zbekiston prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgor talabalar uchun o‘tkazilgan maxsus test sinovlari natijalari e’lon qilindi. Talabgorlar natijalarni my.edu.uz tizimidagi shaxsiy kabineti orqali ko‘rishi mumkin.
Maxsus test sinovlari 10-oktabr kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etildi.
Talabgorlar O‘zbekiston tarixi, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar fanlari bo‘yicha test topshirdi.
Natijalarni my.edu.uz orqali ko‘rish mumkin
Bakalavriat va magistratura bosqichidagi talabgorlar test natijalari bilan my.edu.uz elektron tizimidagi shaxsiy kabineti orqali tanishishi mumkin.
Apellyatsiya 20-oktabrgacha qabul qilinadi
Test natijasidan norozi bo‘lgan talabgorlar 20-oktabr kuni soat 10:00 ga qadar my.edu.uz orqali apellyatsiya arizasi yuborishi mumkin. Arizada qaysi fan va qaysi savol bo‘yicha natijadan norozi ekani aniq ko‘rsatilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq andijonlik ustoz 68 yoshida bakalavr diplomini olgani haqida xabar berilgandi. U 2021-yilda 64 yoshida 142 ball to‘plab, Andijon davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirgan va to‘rt yillik ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagan.