Qibray tumanida 7 kg marixuana va pnevmatik qurol aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida Qibray tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilgan.
Ikki konteyner ko‘zdan kechirildi
Tezkor tadbir davomida Qibray tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxsga qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida foydalanish uchun uzoq muddatga ijaraga berilgan yer maydoni chetida joylashgan ikkita konteyner xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada konteynerlardan quruq holatda saqlanayotgan jami 7 kg marixuana giyohvandlik vositasi topildi.
Pnevmatik qurol ham olindi
Shuningdek, konteynerlardan IJ-38 rusumli pnevmatik qurol hamda 12 mm kalibrli uch dona patron ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent tumanida «zamhokim» $25 ming pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.