Tramp O‘zbekistonga kelgusi yil kelishi mumkin — Marko Rubio

eʼlon qilindi
AQSh Davlat kotibi AQSh bilan kelajakdagi kelishuvlar, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar hamda Donald Trampning ehtimoliy tashrifi haqida gapirdi
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi axborot xizmati

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi, AQSh bilan kelajakdagi kelishuvlar, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar hamda Donald Trampning ehtimoliy tashrifi haqida gapirdi. Rubio bu haqda Samarqanddagi Registon maydonida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

O‘zbekiston — Markaziy Osiyoning tamal toshi

Rubio O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim davlatlardan biri deb atadi. U mamlakat aholisi va so‘nggi yillardagi iqtisodiy rivojlanishga alohida e’tibor qaratdi.

«Menimcha, O‘zbekiston — Markaziy Osiyoning asosiy tamal toshi. Bu Markaziy Osiyodagi eng aholisi ko’p davlat. Men bu yerda ilgari bo’lmaganman, lekin aql bovar qilmaydigan iqtisodiy rivojlanish haqida o’qib chiqdim. Yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati yiliga qariyb 8 foiz. Bu ajoyib. Biz bu tendensiya davom etishini qo‘llab-quvvatlamoqchimiz», – dedi Rubio.

Uning fikricha, O‘zbekiston keyingi o‘n yilda ham shu sur’atni saqlasa, iqtisodiy rivojlanishda yanada yuqori natijalarga erishishi mumkin.

«Agar o‘tgan o’ n yilga o‘xshash yana bir o‘n yilni o‘tkazsangiz, juda yuksak marraga chiqasiz. Siz allaqachon shu yerdasiz«, – dedi u.

Imkoniyatlarga asoslangan munosabatlar

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi axborot xizmati

Rubio tashrif yakunida aniq iqtisodiy kelishuvlar e’lon qilinishini bildirdi. Uning aytishicha, Markaziy Osiyo uzoq vaqt AQSh siyosatchilari tomonidan yetarlicha e’tibor olmagan, hozir esa bu yondashuv o‘zgarib bormoqda.

«Bizda e’lon qilinadigan aniq kelishuvlar bo‘ladi. Ya’ni bu yerda biznes yuritadigan, bu yerda yaxshi kutib olingan va bu yerda ishlashdan mamnun kompaniyalar. Bu biz ustiga quradigan poydevor, xolos. Biz ko‘proq qilishni istaymiz. Bu oxiri emas, bu boshlanish. Ochig‘ini aytsam, Markaziy Osiyo so‘nggi 20 yilda siyosatchilarimiz tomonidan munosib e’tibor olmagan. Lekin bu o‘zgarmoqda. Shuning uchun hozir shu yerdamiz», – dedi u.

U C5+1 tadbirlariga AQShdan qariyb 300 kompaniya vakillari kelganini ham ma’lum qildi. Rubio kelgusida milliardlab dollarlik bitimlar tuzilishi imkoniyati borligini qayd etdi.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni xohlaydi. Biz bilan ajoyib delegatsiya, 300 ga yaqin Amerika kompaniyasi keldi. Oxir-oqibat milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolash imkoniyati bor. Ular mintaqa davlatlarini boyitadi, Qo‘shma Shtatlarga ham iqtisodiy foyda keltiradi», – dedi u.

Mayamidan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri reys qo‘yilishi mumkin

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi axborot xizmati

Rubio O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni uni hayratga solganini aytdi.

«AQShdan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar haqida so‘radim. Aslida Mayamidan to‘g‘ridan to‘g‘ri reys bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. Barcha qo‘shnilari kabi sovet davridan chiqib, qisqa vaqt ichida bugungi darajaga yetgan mamlakatni ko‘rish bizni doim ruhlantiradi», – dedi Davlat kotibi.

U O‘zbekistonning qisqa vaqt ichida erishgan iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini ham qayd etdi.

AQSh O‘zbekiston uchun ayrim savdo cheklovlarini bekor qilish tarafdori

Davlat kotibi Jekson–Venik tuzatishini bekor qilish masalasiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, AQSh ma’muriyati O‘zbekistonni ushbu cheklovdan chiqarish tarafdori va Kongressda ham buni qo‘llab-quvvatlovchilar bor.

«Biz O‘zbekiston uchun Jekson–Venik cheklovini bekor qilish tarafdorimiz. Kongressda ham buni qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli ovozlar bor. Ma’muriyat ham buni so‘ragan. Kongress hali bunga qo‘l urmagan, lekin urar degan umiddamiz«, – dedi u.

Jekson–Venik — AQShning 1974-yilda qabul qilingan savdo cheklovi bo‘lib, dastlab SSSRda fuqarolarning, xususan, yahudiylarning mamlakatdan chiqib ketishiga qo‘yilgan cheklovlarga javoban joriy etilgan.

Tramp kelgusi yil O‘zbekistonga kelishi mumkin

Donald Trampning O‘zbekistonga ehtimoliy tashrifi haqida Rubio aniq sana aytmadi.

«Kelgusi yilda bu ustida ishlab, qaysi sanalar mumkinligini ko‘rishimiz kerak. Imkoni bo‘lsa, u kelishni xohlaydi deb o‘ylayman. U shunday degan«, – dedi AQSh Davlat kotibi.

Rubio o‘zi ham kelajakda O‘zbekistonga yana qaytishga umid bildirdi.

Avvalroq «Kursiv» Marko Rubio Samarqandga tashrifini Registon maydonidan boshlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek