
GWM’ning Tank brendi Tank 500 yo‘ltanlamasining yangilangan versiyasini taqdim etdi. Model tashqi tomondan katta o‘zgarish olmagan bo‘lsa-da, texnologik jihatdan sezilarli yangilandi.
Xitoyda avtomobil uchun oldindan buyurtmalar 16-oktabrdan boshlangan. Xaridorlardan 3 ming yuan miqdorida depozit olinadi, u yakuniy to‘lovda 9 ming yuan sifatida hisobga olinadi.
Lidar va Coffee Pilot 4.0
Asosiy yangiliklardan biri — Coffee Pilot 4.0 haydovchiga yordam tizimi.
U 700 TOPS unumdorlikka ega Thor-U hisoblash chipi va 27 ta datchikdan foydalanadi. Tizim tarkibiga 192 liniyali Hesai lidari ham kiradi.

Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, yangi lidar avvalgi Hesai AT128 sensoriga nisbatan 60 foiz ixchamroq va 50 foiz yengilroq. Shu bilan birga, aniqlash masofasi, tasvir aniqligi va ko‘rish burchagi yaxshilangan.
Salon Li Auto uslubiga yaqinlashdi
Yangilangan Tank 500 salonida markaziy displey old yo‘lovchi uchun alohida ekran bilan yagona panelga birlashtirilgan. Bu yechim Li Auto avtomobillaridagi interyer arxitekturasini eslatadi.
Salon Nappa terisi bilan qoplangan, markaziy konsolda tabiiy tosh dekorlari qo‘llangan. Audio tizim 22 ta dinamikdan iborat bo‘lib, ayrimlari haydovchi va yo‘lovchi bosh suyanchig‘iga o‘rnatilgan.
Orqa qatordagi yo‘lovchilar uchun buklanadigan kichik stolcha ham mavjud.
O‘lchamlari o‘zgarmagan

Tank 500’ning uzunligi 5078 mm, kengligi 1934 mm, balandligi 1905 mm. G‘ildirak bazasi 2850 mm. Kirish burchagi 29 daraja, chiqish burchagi 24 daraja, minimal yo‘l oralig‘i esa 210 mm.
Yangi Danxia Red kuzov rangi ham model uchun taklif etiladi.
Uch xil kuch qurilmasi bo‘ladi
Yangilangan Tank 500 uch xil dvigatel varianti bilan sotiladi.
Hi4-T plagin-gibrid versiyasi 2,0 litrli turbo dvigatel, bitta elektromotor va 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisidan foydalanadi. Tizimning umumiy quvvati 310 kW yoki 422 ot kuchi. 37,1 kW·soat batareya WLTC sikli bo‘yicha 110 km elektr yurish zaxirasini beradi.
Hi4-Z versiyasida 2,0 litrli dvigatel, ikkita elektromotor va uch pog‘onali DHT gibrid transmissiyasi ishlatiladi. Umumiy quvvat 635 kW yoki 863 ot kuchiga yetadi. 59,05 kW·soat batareya bilan sof elektr rejimida 201 km yurish mumkin.
V6 benzinli versiya ham saqlanib qolgan
An’anaviy benzinli modifikatsiya 3,0 litrli V6 turbo dvigatel, 48 voltli mild-gibrid tizim va 9 pog‘onali avtomat bilan jihozlanadi.
Dvigatel 260 kW yoki 353 ot kuchi va 500 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi.
Qo‘shimcha opsiyalar ham taklif qilinadi
Xaridorlarga 12 ming yuangacha qiymatdagi qo‘shimcha jihozlar ham taklif etiladi. Ular orasida uzoq infraqizil diapazonda ishlaydigan tungi ko‘rish tizimi va Smart Edition uchun old yo‘lovchiga mo‘ljallangan ko‘ngilochar paket mavjud.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Blazer elektromobili uchun chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.