Fransiyada tartibsizliklar kuchaydi: Luvr yopildi

Fransiyada namoyishlar va tartibsizliklar ortidan Parijning ayrim hududlarida komendantlik soati joriy etildi, dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri — Luvr esa vaqtincha yopildi. Noroziliklar yashash xarajatlarining oshishi, maktablardagi sharoit va politsiya harakatlariga oid e’tirozlar fonida kuchaydi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
19-oktabr kuni talabalar Luvr muzeyiga kirish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Muzey ma’muriyati tashrif buyuruvchilarga namoyishlar sababli muassasa yopilganini bildirgan. Qayta ochilish vaqti esa o‘sha paytda ma’lum qilinmagan.
Noroziliklar dam olish kunlari Fransiyaning bir nechta shahrida zo‘ravonlik va talon-toroj holatlariga aylangan. Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 2 400 dan ortiq kishi hibsga olingan, qariyb 3 mingta biznes obyektiga zarar yetgan.
Parij politsiyasi Respublika maydoni va Les Halles savdo hududida mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan 06:00 gacha komendantlik soatini joriy qilgan. Ayrim hududlarda kechki yig‘ilish va namoyishlar ham taqiqlangan.
Bosh vazir Sebastyan Lekornu xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Prezident Emmanuel Makron esa xavfsizlikni rejalashtirish va razvedka faoliyatidagi kamchiliklarni tekshirishni buyurgan.
Avvalroq Fransiya hukumati hafta oxiridagi tartibsizliklardan so‘ng Parij, Nitssa va yana bir qator shaharlarda qisman komendantlik soati joriy etgani haqida xabar berilgandi.