Hokim yordamchilariga bir martalik rag‘bat puli beriladi

eʼlon qilindi
To‘lov miqdori ular tomonidan to‘ldirilgan va qabul qilingan so‘rovnomalar soniga qarab hisoblanadi
Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Biznesni ro‘yxatga olish tadbiriga jalb etilgan hokim yordamchilariga bir martalik rag‘batlantirish to‘lovi beriladi. To‘lov miqdori ular tomonidan to‘ldirilgan va qabul qilingan so‘rovnomalar soniga qarab hisoblanadi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, hokim yordamchilari o‘zlariga biriktirilgan hududdagi iqtisodiy birliklarni to‘liq ro‘yxatga olgach, Jahon banki ishtirokidagi loyiha mablag‘lari hisobidan rag‘batlantiriladi.

Rasmiy faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birlik bo‘yicha har bir qabul qilingan so‘rovnoma uchun 6 120 so‘m to‘lanadi. Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birlik bo‘yicha esa har bir so‘rovnoma uchun 8 160 so‘m beriladi.

Hisob-kitoblar 2026-yil 1-sentabrdan belgilangan 1,36 mln so‘mlik mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori asosida shakllantirilgan.

Asosiy ish joyi va maoshi saqlanadi

Ro‘yxatga olish tadbiriga jalb etilgan xodimlarning asosiy ish joyi, lavozimi va oylik ish haqi saqlanib qoladi.

Agar kutilmagan holatlar sabab ro‘yxatga oluvchi o‘rniga boshqa xodim jalb qilinsa, u ham belgilangan tartibda rag‘batlantirish pulini olishi mumkin. To‘lovlar Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun to‘lov hisoblanmaydi

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar biznesni ro‘yxatga olishda onlayn qatnashadi. Shu sababli ular bo‘yicha hokim yordamchilariga alohida rag‘batlantirish to‘lovi hisoblanmaydi.

Rag‘bat pulini olishning asosiy sharti — so‘rovnomalarni belgilangan talablar asosida to‘liq va sifatli to‘ldirish, ularning qabul qilinishini ta’minlash hamda biriktirilgan hududdagi iqtisodiy birliklarni to‘liq qamrab olish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda pensiyani oshirib berishni va’da qilgan hokim yordamchisi ushlangani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Urganch shahri Jambul mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi fuqaroning ishonchiga kirgan.

Shuningdek