Ilk iPhone Duo xaridorlarga sotuvdan oldin yetib bordi

20-oktabr 2026 15:43 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Ilk iPhone Duo xaridorlarga sotuvdan oldin yetib bordi
Foto: Chempionat

Apple’ning buklanuvchi iPhone Duo smartfoni ayrim xaridorlarga rasmiy savdolar boshlanishidan oldin yetib borgani haqida xabarlar tarqaldi. Qutilarda A3720 model raqami va 256 GB xotirali versiya ko‘rsatilgan.

Qadoq odatiy iPhone qutisidan kattaroq

Suratlardan ko‘rinishicha, iPhone Duo qadoq ichiga ochilgan holatda joylashtirilgan. Shu sababli uning qutisi odatiy iPhone modellarinikidan ancha kattaroq.

Tarmoqda smartfonning bir nechta qo‘shimcha suratlari va videolari ham e’lon qilingan.

Tashqi ekran 5,4 dyuymli

Manbaga ko‘ra, iPhone Duo ochilgan holatda Apple tarixidagi eng yupqa iPhone bo‘ladi.

Ichki ekran maydoni iPhone 18 Pro Max displeyidan 50 foizga katta ekani aytilmoqda. Qurilma kontent ko‘rish, o‘yinlar va bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarishga mo‘ljallangan.

Tashqi tomonda esa 5,4 dyuymli ekran joylashgan bo‘lib, uning maydoni iPhone 18 Pro displeyining qariyb 90 foiziga teng.

A20 Pro chipi bilan ishlaydi

Smartfon A20 Pro chipi bilan jihozlangan. Qurilmada ikki dona akkumulyator qo‘llanib, ular kun davomida uzoqroq avtonom ishlashni ta’minlashi kutilmoqda.

Apple sharnir mexanizmining mustahkamligi va ochib-yopish jarayonining silliqligiga ham alohida e’tibor qaratgani aytilmoqda.

iOS 27 buklanuvchi ekran uchun moslashtirilgan

iPhone Duo iOS 27 operatsion tizimida ishlaydi. Tizim buklanuvchi qurilma formatiga moslashtirilib, bir vaqtning o‘zida Apple’ning odatiy interfeysini saqlab qoladi.

Sun’iy intellekt imkoniyatlari Siri AI va Apple Intelligence orqali taqdim etilishi aytilmoqda. Tizim foydalanuvchining shaxsiy kontekstini hisobga olgan holda ishlashi va ma’lumotlar maxfiyligiga alohida e’tibor qaratishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Apple arzon narxda Apple TV 4K qurilmasini taqdim etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek