Ilon Mask AQShdagi har bir bolaga SpaceX aksiyasini bermoqchi

eʼlon qilindi
Dastur qiymati hozirgi narxlarda $10 mlrddan oshishi mumkin
Ilon Mask AQShdagi har bir bolaga SpaceX aksiyasini bermoqchi
Foto: Shutterstock

SpaceX asoschisi Ilon Mask 2027-yilda AQShdagi har bir bolaga kompaniyaning bittadan aksiyasini sovg‘a qilish niyatini bildirdi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

«Kelasi yili Amerikadagi har bir bolaga SpaceX’dagi aksiyalarimdan bittadan beraman. Bu ko‘plab shunday tashabbuslarning birinchisi bo‘ladi», — deb yozdi Mask.

Dastur $10,5 mlrdga baholanmoqda

AQSh Aholini ro‘yxatga olish byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 18 yoshga to‘lmagan qariyb 72 mln kishi yashaydi. SpaceX aksiyasining 16-oktabrdagi $146,03 yopilish narxi asosida hisoblanganda, har bir bolaga bittadan aksiya berish dasturining umumiy qiymati taxminan $10,5 mlrdni tashkil etishi mumkin.

Biroq yakuniy summa aksiyalar tarqatiladigan paytdagi narx va kimlar dasturga kiritilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Kimlar aksiya olishi hali noma’lum

Mask hozircha dasturning aniq mexanizmini ochiqlamadi. Xususan, «Amerikadagi har bir bola» deganda faqat AQSh fuqarolari nazarda tutiladimi yoki mamlakatda yashovchi barcha voyaga yetmaganlar qamrab olinadimi — bu masalaga aniqlik kiritilmagan.

Aksiyalar bolalarga qanday hisob orqali berilishi va ularni qachondan tasarruf etish mumkinligi ham hozircha ma’lum emas.

Maskning SpaceX’dagi ulushi katta

AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, Maskning SpaceX’dagi benefitsiar egaligi 6,42 mlrd aksiyani tashkil etadi. Shundan qariyb 4,77 mlrd aksiya trastlar orqali uning nazoratida.

Avvalroq «Kursiv» SpaceX ilk bor Starship’ni parvozdan keyin bazaga qaytargani haqida yozgan edi.

Shuningdek