McLaren ilk SUV modelini ishlab chiqaradi

Britaniyaning McLaren superkar ishlab chiqaruvchisi o‘z tarixida ilk SUV modelini yaratishini e’lon qildi. Kompaniya Buyuk Britaniyadagi ishlab chiqarish va muhandislik faoliyatini kengaytirish uchun 500 million funt sterling, ya’ni qariyb 675 million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
McLaren’ning rejalariga yangi ishlab chiqarish majmuasini tashkil etish, shuningdek, o‘z transmissiyalari va dvigatellarini ishlab chiqish kiradi. Kompaniya ushbu kengayish 2032-yilgacha bevosita va bilvosita 1 000 ta ish o‘rni yaratishiga umid qilmoqda.
SUV modeli McLaren’ga yangi xaridorlarni jalb qilish va sotuv hajmini oshirish imkonini berishi kutilmoqda. Ushbu segmentda Ferrari, Lamborghini va boshqa hashamatli avtomobil ishlab chiqaruvchilari ham faol raqobat olib bormoqda.
McLaren bosh direktori Nik Kollinz kompaniya Britaniyadagi ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratayotganini bildirgan. Investitsiya rejasi kompaniya Abu-Dabining CYVN Holdings investitsiya guruhi tomonidan sotib olinganidan keyingi qayta tashkil etish jarayonining bir qismi hisoblanadi.
SUV modelining texnik xususiyatlari, narxi va bozorga chiqish sanasi haqida hozircha batafsil ma’lumot berilmagan.
Avvalroq «Kursiv» yangilangan Chevrolet Tracker qachon chiqishi haqida yozgan edi.