Nio Firefly 60 kWh batareyali yangi versiyani oladi

eʼlon qilindi
Nio tarkibidagi Nio Firefly brendi o‘z elektromobillari qatorini yangi versiya bilan kengaytirishga tayyorlanmoqda.
Foto: Nio

Nio tarkibidagi Nio Firefly brendi o‘z elektromobillari qatorini yangi versiya bilan kengaytirishga tayyorlanmoqda. Autohome ma’lumotiga ko‘ra, 60 kWh sig‘imli batareyaga ega yangi modifikatsiya 23-oktabr kuni taqdim etiladi.

Yangi batareya hisobiga avtomobilning CLTC sikli bo‘yicha yurish zaxirasi 560 km gacha oshadi. Kompaniya amaldagi Firefly egalari ham avtomobillarini yangi batareya konfiguratsiyasiga yangilash imkoniyatiga ega bo‘lishini tasdiqlagan.

Batareya sig‘imi 42,1 kWh dan 60 kWh gacha oshadi

Hozirgi Firefly 42,1 kWh sig‘imli Sunwoda batareyasi bilan jihozlangan bo‘lib, CLTC bo‘yicha 420 km yurish zaxirasini ta’minlaydi.

Yangi versiyada esa CATL kompaniyasining 60 kWh sig‘imli akkumulyatori qo‘llanadi. Natijada maksimal yurish masofasi 560 km gacha yetadi.

Elektromobilning kuch qurilmasida boshqa katta o‘zgarishlar kutilmayapti. Avtomobil orqa qismga o‘rnatilgan bitta elektromotor bilan jihozlanadi. Uning maksimal quvvati 122 kW yoki 164 ot kuchini, aylanish momenti esa 205 Nm ni tashkil etadi.

Foto: Nio

O‘lchamlari o‘zgarmaydi

Firefly uzunligi 4 003 mm, eni 1 781 mm va balandligi 1 557 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 615 mm.

Model old qismida uchta dumaloq yorug‘lik elementidan tashkil topgan o‘ziga xos faralar bilan ajralib turadi.

Avtomobilda 92 litrli old yukxona ham mavjud. U bir necha darajada yuk joylashtirish imkonini beradi va drenaj tizimi bilan jihozlangan.

Salonda 13,2 dyuymli ekran bor

Firefly salonida ikki tutqichli ko‘p funksiyali rul, 13,2 dyuymli markaziy sensorli ekran va 6 dyuymli raqamli asboblar paneli o‘rnatilgan.

Old o‘rindiqlar orasidagi «walk-through» yechimi haydovchi va old yo‘lovchiga avtomobilning istalgan tomonidan kirish yoki chiqishni osonlashtiradi.

Firefly 90 mingta avtomobil yetkazib berdi

Brend yaqinda 90 minginchi avtomobilini yetkazib berganini ma’lum qilgan. Firefly Xitoy bozoriga 2025-yil aprelida chiqqan.

Modelning boshlang‘ich narxi to‘liq egalik qilish shaklida 119 800 yuan, ya’ni taxminan $17,9 mingni tashkil etadi.

BaaS — batareyani xizmat sifatida ijaraga olish dasturi orqali esa avtomobil 79 800 yuandan, taxminan $11,9 mingdan taklif etiladi.

Avvalroq «Kursiv» yangilangan Chevrolet Tracker qachon chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek