Nizomiy universitetining bosh binosi qayta sotuvga qo‘yildi

Toshkent shahridagi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining asosiy o‘quv binosi yana auksionga chiqarildi. Obyektning boshlang‘ich narxi 269,2 mlrd so‘m etib belgilangan, bino xaridorga 2029-yil oxirigacha topshirilishi mumkin. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Auksion 2026-yil 26-oktabrda o‘tkaziladi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi universitetning Chilonzor tumanidagi asosiy binosini savdoga qo‘ydi. Chilonzor metro bekati yaqinidagi to‘rt qavatli binoning umumiy maydoni 9,1 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Obyektga 1,675 gektar yer maydoni biriktirilgan. Auksion joriy yilning 26-oktabr kuni soat 10:00 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eski kampusning yana bir qismi ham sotuvda
Universitetning eski kampusidagi oshxona, kutubxona va sport maydonchasi ham alohida lot sifatida savdoga chiqarilgan. Ushbu obyektlarning umumiy bino maydoni 1,8 ming kvadrat metr, yer maydoni esa 1,43 gektarni tashkil etadi. Lotning boshlang‘ich narxi 207,24 mlrd so‘m. Shu tariqa, eski kampus hududidagi ikki lotning jami boshlang‘ich qiymati 476,4 mlrd so‘mga yetadi.
Xaridor nodavlat ta’lim muassasasi tashkil qilishi kerak
Savdo shartlariga ko‘ra, yangi egalar ushbu obyektlarda nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etishi lozim. Universitetning Yangi Toshkentga ko‘chirilishi sabab binolar xaridorlarga darhol emas, 2029-yil oxiridan kechiktirmay topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalgi auksionda kampus sotilmagan
Universitetning Bunyodkor shohko‘chasidagi 5,64 gektarlik asosiy kampusi avval 886,6 mlrd so‘m boshlang‘ich narxda yaxlit lot sifatida sotuvga chiqarilgan, biroq auksion yakunida xaridor topilmagan. Hozir kampusning ayrim qismlari alohida lotlarga bo‘linib sotuvga qo‘yilgan.
Avgust oyida universitetning Toshkentdagi yana to‘rtta obyekti — Tabiiy fanlar, Harbiy ta’lim va Filologiya fakultetlari binolari hamda yotoqxonalar jami 1,008 trln so‘m boshlang‘ich narxda savdoga chiqarilgan edi. Universitet obyektlarining xususiylashtirilishi uning Yangi Toshkentdagi yangi kampusga bosqichma-bosqich ko‘chirilishi bilan bog‘liq. Yangi kampusning birinchi bosqichi 23-avgustda foydalanishga topshirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetining Toshkentdagi yana ikki o‘quv binosini elektron savdoga qo‘ygani haqida yozgan edi.