O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarish 8 foizga, eksport 21 foizga oshdi

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda 69,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,4 foizga ko‘p. Bu haqda Energetika vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Obidjon Dilmurodov brifingda ma’lum qildi.
Quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarish sezilarli oshdi
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, issiqlik elektr stansiyalarida 49,1 mlrd kVt·soat, yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarida esa 10,5 mlrd kVt·soat elektr ishlab chiqarilgan. Quyosh va shamol stansiyalari 2025-yil davomida ham jami 10,5 mlrd kVt·soat elektr ishlab chiqargan edi.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bu yil ushbu ko‘rsatkichga to‘qqiz oyda erishilgan. Gidroelektr stansiyalarida 6,6 mlrd kVt·soat elektr ishlab chiqarilib, 2025-yilning to‘liq yillik 6,5 mlrd kVt·soatlik natijasi ortda qoldirilgan.
Import 27 foizga kamaydi
Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston 1,9 mlrd kVt·soat elektr energiyasi import qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,2 foizga kam. Ayni paytda eksport 591,6 mln kVt·soatga oshib, 3,4 mlrd kVt·soatni tashkil etgan.
Elektr iste’moli ham oshgan
Hisobot davrida O‘zbekistondagi elektr energiyasi iste’moli 68,1 mlrd kVt·soatga yetib, bir yil avvalgidan 6,3 foizga ko‘paygan. Iste’molchilarga jami 53 mlrd kVt·soat elektr yetkazib berilgan. Shundan 39 mlrd kVt·soat ulgurji iste’molchilar, 14 mlrd kVt·soat esa aholi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yil yakunida 94,6 mlrd kVt·soat ishlab chiqarish rejalashtirilgan
Energetika vazirligi yil oxirigacha elektr ishlab chiqarish hajmini 94,6 mlrd kVt·soatga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu 2025-yildagi ko‘rsatkichdan 8,8 foizga ko‘p. Aholi elektr iste’moli esa yil yakunida 92,2 mlrd kVt·soatni tashkil etishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgani haqida yozgan edi.