O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna baliq yetishtirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda intensiv baliqchilikni rivojlantirish orqali yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish, shuningdek, 470 dan ortiq ish o‘rni yaratishi kutilayotgan energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Loyihalar doirasida Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi 24 ta meliorativ quduq atrofida baliqchilik majmualari va 100 gektar maydonda limon issiqxonalari barpo etish ko‘zda tutilgan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Baliqchi tumanidagi 24 ta quduq atrofida baliqchilik majmualari quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish va energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Baliqchi tumanida 24 ta meliorativ tik quduq atrofida chavoq va ozuqa ta’minotidan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi majmualar tashkil etish rejalashtirilgan.
Har bir 50 sotixlik loyihada yiliga kamida 30 tonna forel yetishtirish va 10 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda. Loyihalarni yagona tizimda boshqarish uchun baliqchilik xoldingini tashkil etish ham taklif qilindi.
Baliqchi tajribasini boshqa hududlarda ham qo‘llash maqsadida 2027-yil 1-martgacha respublikadagi 4 mingdan ortiq meliorativ tik quduqni xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Baliq yetishtirishga yaroqli quduqlarni tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Xonobodda sovuq suv baliqlarini yetishtirish va qayta ishlash, Ulug‘norda esa suv havzalari negizida baliqchilik loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Baliqchida 100 gektar limon issiqxonasi quriladi
Taqdimotda Baliqchi tumanidagi to‘qqizta mahalla atrofida 100 gektar maydonda energotejamkor issiqxonalar qurish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Issiqxonalarni tayyor holda tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilgan.
Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va sotish yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtiriladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 ta issiqxonada mahalliy oilalardan kamida 1 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Limon ko‘chatlari hosilga kirguniga qadar oraliq ekinlar yetishtirish orqali ham qo‘shimcha daromad olish mumkin bo‘ladi.
Baliqchi tajribasi asosida 2027-yilda boshqa hududlarda ham kambag‘al oilalar va ishsizlar uchun jami 200 gektar maydonda energotejamkor issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu orqali 2 mingta oilaning daromadini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash topshirildi
Taqdimot yakunida Shavkat Mirziyoyev loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholini baliqchilik va limonchilikka o‘qitish xarajatlarini qoplash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2030-yilgacha raqamli iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali yana 500 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.