Qutqaruvchilar shaharda 5–7 daqiqada yetib borishi rejalashtirilmoqda

eʼlon qilindi
56 ta suv omborining faqat to‘rttasida professional qutqaruv xizmati yo‘lga qo‘yilgan
Foto: prezident.uz

O‘zbekistondagi 56 ta suv omborining faqat to‘rttasida professional qutqaruv xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Endi suv omborlarida qutqaruv tizimini kengaytirish va shaharlarda favqulodda vaziyatlar xizmatining hodisa joyiga yetib borish vaqtini 5–7 daqiqagacha qisqartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qutqaruvchilar tezroq yetib borishi kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish va suv omborlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, qutqaruvchilarning yetib borish vaqtini shaharlarda 5–7 daqiqagacha, shahar markazlaridan tashqarida esa 15–20 daqiqagacha qisqartirish vazifasi qo‘yildi. Aholisi 250 mingdan ortiq tuman va shaharlardagi 25 ta yong‘in-qutqaruv qismini qayta tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Suv omborlarida xavfsizlik kuchaytiriladi

«Karkidon» suv omborida professional qutqaruv xizmatini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, qutqaruvchi-g‘avvoslarni tayyorlash va turizm obyektlari xodimlarini birinchi yordam ko‘rsatishga o‘rgatish rejalashtirilmoqda.

Hozir beshta suv omborida turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Yana 25 tasida turizmni rivojlantirish imkoniyati bor. Bunda dam olish maskanlarini qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari va suv chuqurligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan jihozlash, tadbirkorlar uchun esa xavfsizlik talablarini belgilash taklif etildi.

Avvalroq O‘zbekistonda intensiv baliqchilikni rivojlantirish orqali yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish, shuningdek, 470 dan ortiq ish o‘rni yaratishi kutilayotgan energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek