Shar sabab Toshkentdagi 4 tuman elektrdan vaqtinchalik uzildi

19-oktabr kuni Toshkentning ayrim hududlarida kuzatilgan elektr ta’minoti uzilishiga «Aksa Toshkent» issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushgani sabab bo‘ldi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uzilish qisqa vaqt ichida bartaraf etilib, soat 19:38 da barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.
Hodisa soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan «Aksa Toshkent» issiqlik elektr stansiyasida yuz bergan.
Shar ochiq taqsimlash qurilmasiga tushgach, himoya tizimi ishga tushgan va stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan.
Dastlabki ma’lumotlarda uzilishga T-5 transformatoridagi shikastlanish sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinchalik Energetika vazirligi hodisaning asl sababi havoga uchirilgan shar bo‘lganini ma’lum qildi.
To‘rtta tumanning ayrim hududlarida elektr o‘chgan
Nosozlik oqibatida Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilgan.
Soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida ta’minot qisman tiklangan. Soat 19:25 da zaxira manbalar orqali elektr ta’minoti to‘liq qayta yo‘lga qo‘yilgan, 19:38 da esa barcha iste’molchilarda elektr tiklangan.
Fuqarolarga ogohlantirish berildi
Energetika vazirligi elektr stansiyalari, podstansiyalar va boshqa elektr qurilmalari yaqinida havoga shar uchirmaslikni so‘radi.
Vazirlik bunday holatlar elektr ta’minotida uzilishlarga va uskunalar ishida nosozliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda energiya loyihalariga 10 yillik soliq imtiyozlari aniq belgilanishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, elektr taqsimlash tarmoqlariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.