Sun’iy intellekt Qirg‘iziston Konstitutsiyasining ruscha tarjimasida 44 ta tafovut topdi

Qirg‘iziston deputati Dastan Bekeshev sun’iy intellekt yordamida Qirg‘iziston Konstitutsiyaning ruscha tarjimasida 44 ta xato va ehtimoliy tafovut aniqlanganini ma’lum qildi. Ulardan 14 tasi hujjat mazmuniga ta’sir qilishi mumkin.
Konstitutsiya Codex yordamida tekshirildi

Bekeshev o‘z Telegram sahifasida dam olish kunlari OpenAI’ning Codex vositasi yordamida Konstitutsiyaning ikki tildagi versiyasini tahlil qilgan. U hujjatlarni tizimga yuklab, moddalar, jumlalar, bandlar va mazmun bo‘yicha solishtirishni so‘ragan.
Natijada sun’iy intellekt 44 ta tafovutni ko‘rsatgan. Deputatning aytishicha, shundan 14 tasi mazmunga ta’sir qilishi, 17 tasi turlicha talqin qilinishi, yana 13 tasi esa uslub va tarjima sifati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
«Ular kritik emas, lekin bor. Sun’iy intellekt bunday xatolarni aniqlab, ishda yordam berishi mumkin», — dedi Bekeshev.
Xatolar hali rasman tasdiqlanmagan
Deputat aniqlangan tafovutlarni Konstitutsiyaning rasmiy matnidagi tasdiqlangan xatolar deb hisoblashga hali erta ekanini ta’kidladi. Chunki tahlil uchun Qirg‘iziston Adliya vazirligining elektron bazasida joylashtirilgan matnlardan foydalanilgan. Yakuniy xulosa chiqarish uchun ushbu versiyalarni Konstitutsiyaning asl nusxalari bilan solishtirish kerak.
Adliya vazirligi bazasida ham kamchiliklar topilgan
Bekeshev tekshiruv davomida normativ-huquqiy hujjatlar elektron bazasidagi boshqa muammolarga ham e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hujjatlarda sanalar va raqamlar noto‘g‘ri ko‘rsatilgan, jumlalar tushib qolgan yoki hujjatning amalda ekaniga oid ma’lumotlar xato berilgan.
Masalan, deputat 2026-yilda qabul qilingan prezident farmonlaridan biri bazada 2025-yil bilan ko‘rsatilganini aytdi. Bekeshev bu kamchiliklar haqida Adliya vaziriga ma’lum qilgan, vazirlik esa ularni bartaraf etish bo‘yicha ish olib borilayotganini bildirgan.
Avvalroq «Kursiv» Qirg‘izistonda 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashishi mumkin bo‘lgan ikki kishi davlat tilini bilish bo‘yicha testdan o‘tgani haqida yozgan edi.