Toshkentdagi «Elbek» bog‘idagi 5 mingga yaqin daraxt tekshirilmoqda

Toshkentning Yashnobod tumanidagi «Elbek» bog‘ida daraxt va butalarning holatini o‘rganish ishlari boshlandi. Poytaxt hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 11 gektarlik bog‘ hududida qariyb 5 ming tup daraxt va buta mavjud.
Mutaxassislar ularning holatini baholab, qaysi o‘simliklar parvarishga muhtojligini aniqlamoqda.
Sug‘orish tizimi ham ta’mirlanmoqda
Tekshiruv bilan bir vaqtda bog‘ hududidagi piyodalar yo‘laklari tartibga keltirilmoqda, chiqindilar tozalanmoqda va mavjud sug‘orish tizimi ta’mirlanmoqda.
Shuningdek, yangi sug‘orish tarmoqlarini yotqizish ishlari olib borilmoqda.
Qurigan va xavfli daraxtlar aniqlanadi
Toshkentning boshqa hududlarida ham yashil hududlarni tekshirish ishlari davom etmoqda.
Ekologlar, dendrologlar va boshqa mutaxassislar qurigan yoki kasallangan daraxtlar, shikastlangan shox-shabbalar hamda piyodalar uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan quruq va osilib qolgan shoxlarni aniqlamoqda.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, zararlangan va quruq shoxlar kesiladi. To‘liq qurigan daraxtlar bo‘yicha esa dalolatnomalar tuzilib, ularni olib tashlash uchun shahar ekologiya boshqarmasiga yuboriladi.
Ishlar boshqa ko‘chalarda ham olib borilmoqda
Bunday ishlar Chilonzor tumanidagi Bunyodkor prospekti, Yakkasaroy tumanidagi Nukus ko‘chasi, Yunusobod tumanidagi Kichik halqa avtomobil yo‘li va Ahmad Donish ko‘chasida ham amalga oshirilmoqda.
Hokimlikka ko‘ra, ishlar sog‘lom daraxtlarni saqlab qolish va aholi xavfsizligini ta’minlash tamoyili asosida bosqichma-bosqich olib boriladi.
Toshkentda daraxt ekish mavsumi boshlanmoqda
Poytaxtda nasos stansiyalarini ta’mirlash, eskirgan sug‘orish tizimlarini yangilash, yangi irrigatsiya tarmoqlarini qurish, ariqlar va drenaj tizimlarini tozalash ishlari ham davom etmoqda.
Shuningdek, Toshkentda daraxt ekish mavsumi boshlanmoqda.
Aholi qurigan yoki kasallangan daraxtlar, shikastlangan shox-shabbalar va xavf tug‘dirayotgan daraxtlar haqida Toshkent hokimligining Telegram boti orqali xabar berishi mumkin. Murojaatda manzilni ko‘rsatish va imkon qadar foto yoki video ilova qilish tavsiya etiladi.
Avvalroq «Kursiv» biznes peshlavhalari endi reklama hisoblanmasligi haqida yozgan edi.