
Huawei qo‘llab-quvvatlaydigan Aito brendi Yevropa bozoriga chiqish strategiyasini o‘zgartirmoqda. Parij avtosalonida Seres kompaniyasi Aito 2027-yil kuzida Yevropada sotila boshlashini ma’lum qildi.
36kr manbalariga ko‘ra, Aito’ning xalqaro bozorlarga mo‘ljallangan 6, 7, 8 va 9 modellari Bosch bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
«Bosch Inside» modeli qo‘llanadi
Aito xorijiy modellarida «Bosch Inside» hamkorlik modelidan foydalanadi. U Huawei’ning Xitoyda qo‘llanadigan «Huawei Inside» tizimiga o‘xshash yondashuv sifatida ta’riflanmoqda.
Bosch avtomobillarga haydovchiga yordam beruvchi ADAS tizimlari, aqlli kokpit texnologiyalari va shassi yechimlarini taqdim etishi kutilmoqda.
Xalqaro modellarni ishlab chiqish ishlari allaqachon boshlangan.
NOA tizimi 2027-yil sentabrga tayyor bo‘lishi mumkin
Rejaga ko‘ra, yuqori tezlikdagi yo‘llarda ishlaydigan Navigate on Autopilot – NOA funksiyasini 2027-yil sentabrigacha ommaviy ishlab chiqarishga tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Bu tizim avtomobilga magistral yo‘llarda haydovchiga yordam beruvchi yarim avtomatik boshqaruv imkoniyatlarini taqdim etadi.
Yevropada qarorlarni Seres qabul qiladi
Aito Xitoy bozorida Huawei bilan chuqur hamkorlik orqali rivojlangan bo‘lsa-da, xorijiy bozorlarda asosiy qarorlarni Seres Group qabul qilishi aytilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Bosch’ning Yevropa bozoridagi tajribasi va mahalliy tartibga solish talablarini yaxshi bilishi Aito’ning mintaqaga chiqishini osonlashtirishi mumkin.
Aito 6, 7, 8 va 9 Yevropaga chiqishi kutilmoqda
Yevropa uchun Aito 6, Aito 7, Aito 8 va Aito 9 modellari tayyorlanmoqda. Seres xalqaro faoliyatini Aito Business Group tarkibiga ham birlashtirgan. Bu orqali tadqiqot, ishlab chiqish va bozor strategiyasini yagona markazdan boshqarish rejalashtirilgan.
Seres va Bosch o‘rtasidagi hamkorlik esa 2023-yildayoq boshlangan.
Avvalroq «Kursiv» yangilangan Chevrolet Tracker qachon chiqishi haqida yozgan edi.