Nigeriyada ilk Ebola holati aniqlandi

eʼlon qilindi
44 nafar kontakt aniqlangan
Nigeriyada ilk Ebola holati aniqlandi
Foto: AP Photo

Nigeriya Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda Ebola virusining ilk holati tasdiqlanganini ma’lum qildi. DW xabariga ko‘ra, bemor yaqinda Ugandadan xalqaro reys orqali Abuja shahriga kelgan ayol.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Muhammad Ali Patening aytishicha, bemorda ilk alomatlar 7-oktabr kuni paydo bo‘lgan. U 11-oktabrda Abuja shahridagi xususiy shifoxonaga yotqizilgan va keyinchalik Ebola tashxisi tasdiqlangan.

44 nafar kontakt aniqlangan

Nigeriya rasmiylari bemor bilan aloqada bo‘lgan 44 kishini aniqlagan va ularni kuzatuvga olgan.

«Biz ushbu holatni jilovlash uchun bemor aloqada bo‘lgan barcha shaxslarni aniqlash bo‘yicha imkon qadar barcha choralarni ko‘ryapmiz», – dedi Muhammad Ali Pate.

Nigeriya Kasalliklarni nazorat qilish markazi bundan ikki hafta oldin Keniyada ilk Ebola holatlari qayd etilgach, mamlakatda epidemiologik nazoratni kuchaytirgan edi.

Markaz erta aniqlash, izolyatsiya, laboratoriya diagnostikasi, infeksiyani nazorat qilish, kontaktlarni kuzatish va tibbiyot xodimlarini himoya qilish choralariga e’tibor qaratgan.

Epidemiya Kongodan boshlangan

Joriy Ebola epidemiyasi Kongo Demokratik Respublikasining sharqida, Uganda chegarasiga yaqin hududda boshlangan deb hisoblanmoqda.

Keyinchalik virus Ugandada, so‘ng Keniyada ham qayd etilgan. Keniyada oktabr oyida to‘qqizta holat aniqlangan.

Shunga qaramay, kasallanishlarning asosiy qismi hali ham Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy hududlariga to‘g‘ri kelmoqda.

9 mingdan ortiq holatlar qayd etilgan

DW ma’lumotiga ko‘ra, joriy epidemiyada Ebola virusining Bundibugyo turi bilan bog‘liq 9 mingdan ortiq tasdiqlangan holatlar qayd etilgan.

Kasallik oqibatida 4,3 mingdan ortiq odamlar vafot etgan. O‘lim darajasi qariyb 50 foizni tashkil etmoqda.

Joriy epidemiya ko‘lami bo‘yicha tarixdagi ikkinchi eng yirik Ebola epidemiyasiga aylangan. Eng yirik epidemiya 2014 – 2016-yillarda G‘arbiy Afrikada kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda qariyb 28,5 ming holat va 11,3 ming o‘lim qayd etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Kongoda Ebola bilan kasallanganlar soni 6 mingdan oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek