Samarqandda bolalar farovonligi bo‘yicha Jahon sammiti o‘tkazilmoqda

Joriy yilning 21-oktabr kuni Samarqandda 100 dan ortiq davlatlar vakillari ishtirokidagi bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Jahon sammiti boshlandi. Unda bolalar salomatligi, ta’limi, ijtimoiy himoyasi va xavfsizligiga investitsiyalarni oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Ziroat Mirziyoyeva sammitda nutq so‘zlaydi

Ikki kunlik anjumanda O‘zbekiston birinchi xonimi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, nutq so‘zlaydi.
Sammitda BMT, JSST, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologiya maktabi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashadi. Bundan tashqari, turli davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari, olimlar, mutaxassislar va jamoatchilik faollari ham Samarqandga kelishi kutilmoqda.
Shuningdek, sammitda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi Xalilur Rahmon ham qatnashadi. U 21 – 22-oktabr kunlari Samarqanddagi tadbir uchun O‘zbekistonga kelgan.
Bolalar onkologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sammit doirasidagi muhokamalar bolalar salomatligi, ta’limi, ijtimoiy himoyasi va xavfsizligiga yo‘naltiriladigan investitsiyalarni kuchaytirishga qaratiladi.
Sammit doirasida Bolalar onkologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress ham o‘tkaziladi. Unda erta tashxis, zamonaviy diagnostika va davolash, dori ta’minoti, o‘zak hujayralar transplantatsiyasi, palliativ yordam hamda uzoq muddatli kuzatuv masalalari muhokama qilinadi.
Sammit yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi

Sammit yakunida bolalar farovonligiga investitsiya qilish bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Hujjat bolalar salomatligi, ta’limi va himoyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratiladi.
Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni imzolagani haqida yozgan edi.