Ta’lim va ilm-fan vazirligiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Prezident qarori bilan Ta’lim va ilm-fan vazirligi rahbariyatida uchta tayinlov amalga oshirildi. Vazirga birinchi o‘rinbosar va ikki nafar o‘rinbosar tayinlandi.
Unga ko‘ra, Oybek Yo‘ldoshev Ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
U bunga qadar «PwC Uzbekistan» kompaniyasida davlat sektori, infratuzilma va ESG bo‘yicha konsalting amaliyoti direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Mehriniso Pardayeva vazir o‘rinbosari etib tayinlandi
Mehriniso Pardayeva Ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Tayinlovga qadar u Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Sanjar Mirzaliyev ham vazir o‘rinbosari bo‘ldi
Sanjar Mirzaliyev Ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
U ilgari Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yangi tayinlangan rahbarlar jamoaga tanishtirildi.
Yig‘ilishda ijro intizomi, topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda mas’uliyatni oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlangan Erkinjon Turdimov haqida gapirib, uni o‘zining eng ishongan kadrlaridan biri deb atagandi. Davlat rahbari ta’lim tizimida son ortgani, biroq sifat masalasi jiddiy tashvish uyg‘otayotganini ta’kidladi.