Alişer Qodirov Eron bilan boğliq bahs fonida fitnalarga berilmaslikka çaqirdi

«Milliy tiklaniş» demokratik partiyasi raisi Alişer Qodirov Eronning ayrim diplomatik vakolatxonalari Samarqanddagi Registon majmuasini «fors merosi» sifatida talqin qilgan postlari ortidan yuzaga kelgan bahslarga munosabat bildirdi.
U xalqlar va davlatlar örtasidagi nozik tarixiy hamda madaniy masalalarni ijtimoiy tarmoqlarda kengroq nizolarga aylantirişga urinişlardan ehtiyot bölişga çaqirdi.
«Nizolarni qözğatayotganlarga diqqat bilan qarang»
Qodirovning fikriça, bugungi geosiyosiy qarama-qarşiliklarda ayrim nizolar boşqa xalqlar va mintaqalarga ham yoyilişi uçun axborot vositalaridan foydalanilmoqda.
«Nizolarni yoqayotganlar va unda yonayotganlarga diqqat bilan qarang: arablar va eronliklardan qalangan gulxanni islom dunyosiga, rus va ukrainlardan qalangan gulxanni Yevropaga kengaytiriş uçun uçqunlar soçilmoqda», – dedi u.
Siyosatçi nozik mavzularni ijtimoiy tarmoqlarda xalqlararo qarama-qarşilikka aylantirişga urinişlar mavjudligini ta’kidladi.
Uning fikriça, bunday vaziyatlarda hissiyotga berilmasdan, mojarodan manfaat izlayotgan tomonlarga e’tibor qaratiş kerak.
«Fitnalarga aldanmasdan, loyqa daryoda baliq ovlayotganlarni kuzatiş kerak», – dedi Qodirov.
«Internet kuçli hujum quroliga aylandi»
Qodirov ijtimoiy tarmoqlar va internetning zamonaviy nizolardagi roliga ham alohida töxtaldi.
Uning ta’kidlaşiça, internet jamiyatlar örtasidagi ziddiyatlarni kuçaytiriş uçun işlatilişi mumkin bölgan kuçli vositaga aylangan.
«Internet — kuçli hujum quroliga aylandi. Undan himoya juda arzon va oddiy — sabr va tafakkur», – dedi u.
Qodirov jamiyatning bunday axborot ta’sirlariga qarşi bardoşliligi milliy barqarorlik uçun muhim ekanini qayd etdi.
«Kuçli xalqlar bunday fitnalarga immuniteti bölgani uçun qudratli millatga aylana oladilar», – dedi siyosatçi.
Bahs Registon haqidagi postlardan boşlandi
Bahs AQŞ davlat kotibi Marko Rubio 19-oktabr kuni Samarqanddagi Registon maydonida video e’lon qilganidan söng yuzaga keldi.
Eronning bir qator xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Rubioning videosiga munosabat bildirib, u turgan joyni «fors tamadduni va me’morçiligining bir qismi» va «fors me’moriy merosining durdonasi» sifatida ta’rifladi.
Özbekiston Taşqi işlar vazirligi bu postlarni Samarqandning tarixiy-madaniy merosini «biryoqlama va siyosiy maqsadlarda talqin qiliş» deb baholadi.
Eron elçisiga norozilik notasi topşirildi
23-oktabr kuni Eronning Özbekistondagi elçisi Muhammad Ali Iskandariy Taşqi işlar vazirligiga çaqirildi va unga Özbekistonning qat’iy e’tirozini ifodalovçi norozilik notasi topşirildi.
Özbekiston tomoni Samarqand, Buxoro, Xiva va boşqa tarixiy şaharlarning merosi köp asrlik, köp qirrali tarixiy-madaniy taraqqiyot natijasi ekanini ta’kidladi.