Buxoro neftni qayta işlaş zavodining quvvati 5 mln tonnaga yetkaziladi

Buxoro neftni qayta işlaş zavodini 328 million dollarga modernizatsiya qiliş rejalaştirilmoqda. Loyiha natijasida korxonaning yillik qayta işlaş quvvati 2,5 million tonnaga oşib, 5 million tonnaga yetadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Şavkat Mirziyoyev Qorovulbozor tumanidagi zavodga taşrif buyurib, modernizatsiya loyihasi bilan tanişdi. Korxonada 3,2 ming nafardan ortiq mutaxassislar işlaydi. Joriy yilning yanvar – sentabr oylarida zavodda 1,36 million tonna, qiymati 12,1 trillion sömlik neft mahsulotlari işlab çiqarilgan. Mahsulot va xizmatlar eksporti 99,5 million dollarni taşkil etgan. Yil yakunigaça bu körsatkiçni 116 million dollarga yetkaziş rejalaştirilgan.
AI-92 va AI-95 benzini işlab çiqariş köpayadi
328 million dollarlik loyiha doirasida naftani gidrotozalaş va izomerizatsiya qiliş qurilmalari örnatiladi. Bu jarayonlar xomaşyo tarkibidagi oltingugurt va boşqa aralaşmalarni kamaytiriş, benzinning oktan sonini oşiriş imkonini beradi.
Natijada Yevro-5 ekologik talablariga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli benzin işlab çiqariş hajmini köpaytiriş közda tutilgan.
Şuningdek, xomaşyoni fraksiyalarga ajratiş va oğir qoldiqlarni çuqur qayta işlaş jarayonlari takomillaştiriladi.
Zavod quvvati ikki baravarga yaqin oşadi
Modernizatsiya yakunlangaç, korxonaning yillik qayta işlaş quvvatiga yana 2,5 million tonna qöşilib, umumiy körsatkiç 5 million tonnaga yetadi.
Loyiha içki bozorni yonilği bilan ta’minlaşni mustahkamlaş va eksport hajmini oşirişga qaratilgan.
Prezident loyihani belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oşiriş, yangi qurilmalarni mavjud işlab çiqariş jarayonlariga uyğunlaştiriş böyiça körsatmalar berdi. Şuningdek, loyihada iştirok etayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan muloqot qildi.
Avvalroq Şavkat Mirziyoyev Buxoroda ötkazilişi rejalaştirilgan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik yuzasidan yiğiliş ötkazgandi.