«Tolibon» Amudaryodan suv olişni yaqin orada boşlaşini bildirdi

Afğonistonning «Tolibon» hukumati Qöştepa kanalining ikkinçi bosqiçidagi quriliş işlari 99 foizga yakunlanganini va yaqin orada Amudaryodan kanalga suv yönaltiriş rejalaştirilayotganini ma’lum qildi. Bu bayonot Özbekiston suv xöjaligi vaziri Şavkat Hamroyevning kanal 2030-yilgaça Amudaryodan suv olmasligi haqidagi bayonotidan bir neça kun ötib yangradi. Bu haqda Afğoniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasiga tayanib, Afghanistan International xabar berdi.
Qöştepa kanalining ikkinçi bosqiçi 99 foizga yetgan
Afğoniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi 25-noyabr kuni Qöştepa kanalining ikkinçi bosqiçidagi işlar yakuniy bosqiçga kirganini ma’lum qilgan.
Korporatsiya ma’lumotiga köra, Amudaryodan kanalga suv oliş uçun möljallangan asosiy inşoot qurilişi ham yakunlanişga yaqin. Qolgan işlar tugallangaç daryo suvi kanal özaniga yönaltirilişi rejalaştirilmoqda. Biroq Afğoniston tomoni suv berişning aniq sanasini oçiqlamagan. Ikkinçi bosqiç doirasida kanal böylab köpriklar hamda suv oqimini boşqaruvçi inşootlar qurilişi davom etmoqda.
Qöştepa kanalining umumiy uzunligi qariyb 285 kilometr bölib, loyiha Afğonistonning Balx, Juzjon va Faryob viloyatlaridagi qişloq xöjaligi yerlarini suğorişga möljallangan.
Özbekiston: 2030-yilgaça suv olmaydi
Afğonistonning yangi bayonoti Özbekistonning 19-noyabrdagi pozitsiyasiga zid körinmoqda.
Özbekiston suv xöjaligi vaziri Şavkat Hamroyev matbuot anjumanida Qöştepa kanali hozirça Amudaryodan bir tomçi ham suv olmayotganini aytgan. Uning ta’kidlaşiça, Afğoniston kanaldan foydalaniş huquqiga ega, biroq olinadigan suv miqdori va boşqa şartlar böyiça kelişuv quriliş yakunlanganidan keyin rasmiylaştiriladi.
Vazir kanalning 2030-yilgaça Amudaryodan suv olmasligini bildirgan. Şu bilan birga, suv oliş katta miqyosda 2050-yilgaça ham keçiktirilişi mumkinligini ta’kidlagan.
Demak, Afğoniston tomoni «yaqin orada» suv yönaltirilişini bildirayotgan bir paytda, Toşkent bu jarayon 2030-yilgaça boşlanmasligini aytmoqda.
Afğoniston qança suv olmoqçi
Qöştepa kanali orqali Amudaryodan olinişi mumkin bölgan suv hajmi ham Özbekiston va Afğoniston örtasidagi muzokaralarning asosiy masalalaridan biri bölib qolmoqda.
Hamroyev 19-noyabr kuni Afğoniston tomoni dastlabki hisob-kitoblarga köra, suv möl keladigan yillarda qariyb 10 mlrd kub metr, suv kam böladigan yillarda esa 6 mlrd kub metr atrofida suv olişni rejalaştirayotganini aytgan.
Biroq bu raqamlar hozirça yakuniy kelişuv sifatida tasdiqlanmagan. Vazir suv tanqis yillarda Afğoniston bilan olinadigan suv miqdorini kamaytiriş böyiça alohida muzokaralar ötkazilişi mumkinligini bildirgan.
Özbekiston uçun qanday xavf bor
Qöştepa kanali masalasi Özbekiston uçun, ayniqsa, Amudaryoning quyi oqimidan foydalanadigan hududlar uçun muhim hisoblanadi.
Hamroyev avvalroq kanal orqali yiliga 4 mlrd kub metrdan ortiq suv olinişi Özbekiston qişloq xöjaligiga jiddiy xavf tuğdirişi mumkinligini bildirgan. Şu sababli suv oliş hajmi, ayniqsa, suv kam yillarda, tomonlar örtasidagi muzokaralarda muhim masalaga aylanişi kutilmoqda.
Şu bilan birga, Özbekiston suv xöjaligi vazirligi Qöştepa kanali hozirgi paytda Özbekistonga kelayotgan Amudaryo suvi kamayişiga sabab bölayotgani haqidagi taxminni rad etgan. Vazir kanal hali daryodan suv olmayotganini ta’kidlagan.
Qöştepa kanali qaçon qurila boşlagan
Qöştepa kanali qurilişi «Tolibon» Afğonistonda hokimiyatni qayta egallaganidan keyin, 2022-yilda boşlangan.
Loyihaning asosiy maqsadi mamlakat şimolidagi Balx, Juzjon va Faryob viloyatlarida qişloq xöjaligi uçun yangi suğoriladigan yerlarni yaratişdan iborat. Kanal orqali qariyb 550 ming gektar yerni suğoriş rejalaştirilgan. Kanalning birinçi 108 kilometrlik qismi 2023-yilda yakunlangan.
Loyiha Afğoniston uçun strategik ahamiyatga ega. Hukumat kanal yordamida qişloq xöjaligi işlab çiqarişini kengaytiriş va mamlakat şimolidagi suğoriladigan yerlar maydonini oşirişni közlamoqda.
Suv masalasida kelişuv hali yöq
Özbekiston va Afğoniston ayni paytda Qöştepa kanali böyiça muzokaralarni davom ettirmoqda. Noyabr oyida Afğoniston qişloq va suv xöjaligi vaziri örinbosari boşçiligidagi delegatsiya Özbekistonga taşrif buyurgan, Özbekiston vakillari ham Afğonistonga borib muzokaralar ötkazgan.
Tomonlar kanal qurilişi yakunlangaç, Amudaryodan qança suv olinişi va boşqa şartlarni belgilovçi kelişuvlarni rasmiylaştirişni rejalaştirmoqda.
Avvalroq Afğonistonda «Tolibon» va boşqa qurolli guruhlar voyaga yetmagan bolalarni jangovar hamda yordamçi vazifalarga jalb qilinayotgani haqida xabar berilgandi.