Xorazmdagi 130 gektar maydonda barpo etilayotgan Al-Xorazmiy shaharchasida Xorazmiy monumenti o‘rnatiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
2022-yil avgust oyida ushbu shaharcha qurilishi poydevoriga tamal toshi qo‘ygandi. O‘tgan yillarda shaharchada 1,7 mingta xonadonli 72 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan.
Joriy yilda yana mingta xonadondan iborat 28 ta turarjoy qurilishi rejalashtirilmoqda. Natijada hududdagi xonadonlar soni 5 mingdan ortiq bo‘ladi.
Bu shaharcha hududi 130 gektardan ziyod bo‘lib, Urganch xalqaro aeroporti yaqinida qurilmoqda.
«Samolyotdan tushgan mehmonlarning ko‘z o‘ngida avvalo mana shu go‘zal maskan namoyon bo‘ladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali o‘rnatiladi», – dedi davlat rahbari.