Eron prezidenti o‘limi O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatadi

O‘zbekiston iqtisodi uchun xalqaro dengizlarga chiqish bo‘yicha alternativ variantlardan biri sifatida Eron janubidagi Chobahor porti hisoblanadi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchisi, eron-afg‘onshunos mutaxassis

19-may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisi fojiali hodisada halok bo‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni Eron oliy diniy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiyga hamdardlik bildirdi. Ibrohim Raisi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun avval Oʻzbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan. U ilk bor 2022-yilda rasmiy tashrif bilan kelgan, 2023-yilda esa Toshkentda boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etgan.

So‘nggi yillarda Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik qanday rivojlanmoqda

Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar qadim tarixga ega va barqaror rivojlanib kelayotgan do‘stlik aloqalarining yorqin namunasidir.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Eron munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asosini siyosiy, iqtisodiy madaniy sohalarda imzolangan o‘ndan ortiq shartnomalar tashkil etadi. Jumladan, logistika, yoqilg‘i yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi, sport, kimyoviy mahsulotlar, tekstil savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda doimiy hamkorlik bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston Eron orqali xalqaro dengiz yo‘llariga chiqishdan manfaatdor va bu bo‘yicha bir qator loyihalar ustida ish olib bormoqda. Biroq tashqi ta’sirlarning mavjudligi va investitsiya bilan bog‘liq masalalar sabab bu loyihalar hali yakuniga yetmagan. O‘zbekiston ECO va Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar doirasida, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishishi bo‘yicha O‘zbekiston Eron bilan mushtarak qarashlarga ega.

Eron prezidenti vafotidan keyin mamlakat tashqi siyosatida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin va bu O‘zbekiston bilan munosabatlarga qanday ta’sir qiladi

Hozirgi masalada Eron prezidentining vafotidan so‘ng davlat tashqi siyosatida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkinligi turibdi. Birinchidan, deyarli uch yillik hokimiyati davomida Ibrohim Raisi Eronning ham ichki, ham tashqi siyosatida konservativ qarashlarni saqlab qoldi va keskin burilishlarni amalga oshirmadi. Masalan, tarixda Eron prezidenti bo‘lgan Muhammad Xotamiy singari islohotchi maqomini olgani yo‘q. Raisi o‘rniga kim kelishidan qat’i nazar, Eron ichki va tashqi siyosatidagi oliy rahbariyatining strategiyasini o‘zgartirishi dargumondir. Zotan, Eronda davlat hayotiga oid  barcha strategik masalalar, jumladan, tashqi siyosat va yadroviy dastur bo‘yicha yakuniy so‘zni aytishga prezident emas, balki Eron Oliy diniy rahbari haqlidir. Ikkinchidan, shundan kelib chiqqan holda, Eron tashqi siyosatining O‘zbekiston yo‘nalishida ham oldingi tendensiyalar o‘zgarishini bashorat qilib bo‘lmaydi.

Mintaqaviy barqarorlik yoki iqtisodiy manfaatlar kabi omillar Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelajakdagi munosabatlarga ta’sir qilishi mumkinmi

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekiston iqtisodi uchun xalqaro dengizlarga chiqish bo‘yicha alternativ variantlardan biri sifatida Eron janubidagi Chobahor porti hisoblanadi. O‘z navbatida, Eron o‘z hududi orqali chiqishga rozilik bergan edi.  

Aytish joizki, iqtisodiy manfaatlar Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning tarixan rivojlanish tendensiyalariga ta’sir ko‘rsatmaydi. Shuningdek,  so‘nggi yillar davomida ikki tomonlama tovar ayirboshlash, savdo-iqtisodiy aloqalar pasaygani yo‘q.

Eron prezidentining o‘limi ichki siyosatda ham, tashqi munosabatlarda ham biror muammoga yechim bermaydi, aksincha, noaniqlikni keltirib chiqarishi mumkin. Agar Eron boshqaruv rahbariyatida uning tashqi siyosat qarashlarini o‘zgartiruvchi nomzod prezidentlikka kelsa ham Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy manfaatlar mushtarakligi negizida kelajakdagi munosabatlar izchilligi saqlanib qoladi.   

Eron va Markaziy Osiyo munosabatlari o‘zgaradimi

Eron va Markaziy Osiyodagi o‘zaro munosabatlari birinchi navbatda, Eronning Markaziy Osiyoda yangi savdo imkoniyatlarini yaratishga bo‘lgan qarashlarini hisobga olsak, Ibrohim Raisidan so‘ng ushbu munosabatlar o‘zgarmasligini mutaxassislar ta’kidlamoqda. O‘z navbatida, Tehronning Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yetakchi tashqi hamkor sifatida oʻzini koʻrsatish borasidagi sa’y-harakatlarini ko‘pchilik mintaqa davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Mana shu jihatdan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan Eronning munosabatlaridagi yo‘nalishlarda sezilarli darajada o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Eronda prezidentning o‘limi davlat siyosatini tubdan o‘zgartirmaydi.

Mavzu bo'yicha materiallar