Mettyu Seyjers (S&P Global): Markaziy Osiyo energetika bozorini nima to‘sib turibdi

S&P Global kompaniyasining Yevroosiyoda xomashyo tovarlari tadqiqotlari bo‘limi rahbari, vitse-prezident
Foto: GridX / Google Images

Tarkibiy murakkablik Markaziy Osiyoda energetika islohotini sekin va notekis jarayonga aylantirmoqda, investorlarning ishonchi esa uzoq muddatli istiqbolning noaniqligi tufayli zaiflashmoqda. Doktor Mettyu J. Sajjers taraqqiyot uchun nima zarurligini tushuntirib beradi.

Markaziy Osiyoda energiya bozorini isloh qilishga nima to‘sqinlik qilmoqda

O‘zbekiston energetika bozorlaridagi islohotlar sur’ati, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi kabi, juda sekinligicha qolmoqda. Yangi prezident lavozimini egallaganiga bir necha yil bo‘ldi, u keskin o‘zgarishlar sari yo‘l oldi, biroq «katta kema»ning yo‘nalishini o‘zgartirish oson emas, ammo harakat to‘g‘ri yo‘nalishda davom etmoqda.

Qiyinchilik shundaki, bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan jarayon emas. Hamma narsa bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lishi lozim. Raqobatbardosh muhitda ishlashga tayyor bo‘lgan yangi tuzilmalarni yaratish zarur. Ularning ko‘lamini o‘ylab ko‘rish kerak: agar bitta kompaniya juda katta, qolganlari esa juda kichik bo‘lsa, tizim samarali ishlamaydi.

Bu tuzilmalar bozor tamoyillari asosida ishlash nimani anglatishini tushunishlari kerak. Ularning xatti-harakatlari iqtisodiyot va raqobat bilan belgilanishi, pul esa qiymatga ega bo‘lishi lozim. Buning uchun narxlar muvofiq, iste’molchilar esa to‘lovga qodir bo‘lishi zarur.

Bularning barchasini bir vaqtning o‘zida yaratish nihoyatda murakkab vazifa. Shu bois taraqqiyot bir tekisda sodir bo‘lmaydi: bir paytda ayrim yo‘nalishlar tezroq rivojlanadi, keyin boshqalari. Ustuvorliklarning tabiiy almashinuvi yuz bermoqda. Bu jarayonni qirq yil davomida kuzatib, ishonch bilan ayta olamanki, bu juda qiyin.

Nima uchun energetikaga investitsiya kiritish shartlari qo‘yilgan vazifaga mos kelmayapti

Markaziy Osiyo uzoq muddatli xorijiy investorlar uchun hozircha jozibador ko‘rinmayapti. Buning asosiy sababi uzoq yillar davomida saqlanib qoladigan barqaror, tushunarli va bashorat qilish mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarning yo‘qligidir.

Foto: Freepik / Google Images

Energetika sohasidagi xorijiy investorlar o‘z loyihalarini 40 yillik istiqbolga mo‘ljallab rejalashtirmoqda. Buning uchun ularga o‘n yillar oldinga sharoitlarning aniq bashorati kerak, bu esa o‘z-o‘zidan murakkab vazifadir.

Bundan tashqari, qabul qiluvchi mamlakatlar shuni anglab yetishlari lozimki, investitsiyalar kiritilgandan so‘ng qoidalarni o‘zgartirish mumkin emas. To‘g‘ri, siyosat rivojlanishi va moslashishi mumkin, biroq investorlar har qanday vaqtda o‘z mablag‘larini boshqa mamlakatlarga yo‘naltira olishlariga ishonch hosil qilishlari zarur.

«Yaxshi» bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Mamlakat yirik investitsiyalarni, ayniqsa, milliardlab dollarlik loyihalarni jalb qilish uchun eng yaxshilar orasida eng yaxshisi bo‘lishi kerak.

Xalqaro kompaniyalar sarmoya kiritishga tayyor, ammo faqat bu iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlasa va ularning strategiyasiga mos kelgandagina.

Mintaqaning ba’zi mamlakatlari bunga ma’lum muddatga bo‘lsa-da, erishdilar. Buning yorqin misoli – ko‘plab xalqaro brendlar faoliyat yuritayotgan Qozog‘istondir. Boshqa mamlakatlar ham o‘zlarida xuddi shunday logotip va nomlarni ko‘rishni istaydilar. Biroq mintaqadagi resurs bazasi bir xil emas va boshqa mamlakatlar boshqacha fikrlashlari lozim: investitsiyalar aynan ularga kelishi uchun qanday sharoitlar zarurligini o‘ylashlari kerak.

Xususan, O‘zbekiston yaqinda qayta tiklanadigan energiya sohasida bir nechta «brend»larni jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo shuni hisobga olish kerakki, turli investorlarga turli sharoitlar va turli vaqtlarda kerak bo‘ladi.

Nega Markaziy Osiyoda yagona elektr energiyasi bozori shakllanmayapti

Markaziy Osiyoda umumiy elektr energiyasi bozorini yaratish istiqboli hozircha real ko‘rinmaydi. Hatto integratsiya jarayoni 50 yildan buyon davom etayotgan Yevropaning o‘zida ham energetika sohasi, aslida, milliy bozorlardan iborat tizimligicha qolmoqda. Davlatlar o‘rtasida elektr energiyasi almashinuvi mavjud, biroq bozorlari hanuz mustaqil tarzda faoliyat yuritmoqda.

Foto: iStock / Google Images

Bu — haqiqat, va Markaziy Osiyo bundan istisno bo‘lmasligi ehtimolga yaqin.

Biroq, elektr energiyasi savdosini kengaytirish imkoniyati mavjud. Buni hozirgi holatdan ham samaraliroq amalga oshirish mumkin. SSSR davrida Markaziy Osiyoda yagona energetika tizimi mavjud edi — Turkmaniston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston o‘zaro bog‘langan edi. Bugungi kunda ham bu o‘zaro to‘ldiruvchi tizimni qayta tiklash salohiyati bor.

Masalan, Qirg‘iziston va Tojikiston ma’lum mavsumlarda katta miqdorda gidroelektr energiyasiga ega bo‘lsa-da, boshqa davrlarda taqchillikni boshdan kechiradi. Ayni paytda, O‘zbekiston gaz bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalaridan foydalanib, buning o‘rniga barqaror elektr energiyasi hajmini taklif etishi mumkin.

Agar mintaqaviy savdo hajmini sovet davri darajasiga — hech bo‘lmaganda 3 foizdan 10-12 foizgacha qaytarishga erishilsa, bu samaradorlikni oshirish yo‘lidagi jiddiy qadam bo‘lardi.

Bugungi kunda elektr energiyasining eng katta savdosi Afg‘oniston bilan amalga oshirilmoqda: O‘zbekiston va Turkmaniston u yerga elektr energiyasini yetkazib beradi, lekin bir-biri bilan savdo qilmaydi — bu SSSR parchalanishining oqibatidir.

Shunday bo‘lsa-da, transchegaraviy savdoni tiklash va takomillashtirish yo‘llari mavjud. Ularni yanada samaraliroq qilish mumkin, ammo mintaqada yagona energetika bozori shakllanishini kutish o‘rinli emas.

Mavzu bo'yicha materiallar
Baxtiyor Ergashev
Baxtiyor Ergashev
Nega Trampga Grenlandiya kerak
Bu savolga «Ma’no» tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashev javob berdi