O‘zbekistonning investitsion imijida nimalar o‘zgardi

Davlat kompaniyalari investorlar bilan muloqot qilishni o‘rgandi – Franklin Templeton O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqida
Templeton Global Investments kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchisi, Franklin Templeton Asset Management Foreign Enterprise LLC kompaniya bosh direktori
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Toshkent xalqaro investitsiya forumida O‘zbekiston iqtisodiyoti kelajagiga oid qator muhim fikr va mulohazalar bildirildi. Franklin Templeton kompaniyasi – Milliy investitsiya jamg‘armasini boshqaruvchi tashkilot – mamlakatdagi xususiylashtirish bo‘yicha qarorlar, fond bozorini rivojlantirish ishlari va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni transformatsiya qilish jarayonlari fonida investorlar qiziqishi kuchayganini qayd etdi. Franklin Templeton’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan xalqaro investorlar nigohida O‘zbekiston qanday o‘zgarayotganini aks ettiruvchi uchta asosiy fikr bilan o‘rtoqlashdi.

Qiziqish tobora ortib bormoqda

Shu yilning 9 – 12-iyun kunlari Oʻzbekistonda Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) boʻlib oʻtdi. Bu tadbir mamlakat uchun muhim boʻlib, xorijiy investorlarga respublikadagi biznes muhiti va iqtisodiyotning oʻsish dinamikasini baholash imkonini beradi. Franklin Templeton kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasining (UzNIF) ishonchli boshqaruvchisi sifatida, forumda faol ishtirok etdi. Kompaniya ushbu ishtirok doirasida asosiy xulosalar bilan boʻlishdi.

Birinchidan, mamlakat iqtisodiy o‘sishi va islohotlar dinamikasi xalqaro biznes hamjamiyatining tobora ortib borayotgan e’tiborini jalb qilmoqda. Raqamlar bu holatni aniq tasdiqlaydi: forumda ishtirok etuvchilar soni 2022-yilda bo‘lib o‘tgan birinchi tadbirdan buyon besh baravarga, o‘tgan yilga nisbatan esa uch baravardan ko‘proqqa oshgan. Eng muhimi faqat son jihatidan emas, balki ishtirokchilar tarkibi ham o‘zgarmoqda. 2025-yilgi forumga ko‘plab aksioner kapitaliga (equity investors) sarmoya kirituvchi investorlar tashrif buyurdi.

UzNIF’ning tashkil etilishi, shuningdek, davlat ishtirokidagi kompaniyalarni fond bozoriga olib chiqish bo‘yicha aprel oyida prezident tomonidan imzolangan farmon xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolmadi. Endi xalqaro biznesda mamlakat aksioner kapitaliga sarmoya jalb qilish yo‘lida qat’iy harakat qilayotgani va davlat kompaniyalarini xususiylashtirish bo‘yicha rejalari amalda bajarilayotgani borasida ishonch yuzaga keldi.

Bundan tashqari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK), SQB, «Asaka Bank» va «O‘zmilliybank» kabi kompaniyalar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yevroobligatsiyalar chiqarilishi davlat korxonalari xorijiy investorlar bilan samarali muloqot olib borishni o‘rganganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, bu mamlakatga nisbatan xalqaro biznesning katta qiziqishi va ishonchi mavjudligini anglatadi, bu esa yuqori talabda o‘z ifodasini topmoqda. Forumning asosiy mavzularidan biri «amaldagi islohotlar» bo‘lib, bu moliyaviy bitimlar aynan shu jarayonning yorqin dalilidir.

Fond bozori uchun turtki

Ikkinchidan, forumdagi muhokamalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri mahalliy fond bozorini rivojlantirish, zarur infratuzilma va huquqiy bazani yaratish bo‘ldi.

Hukumat tomonidan davlat kompaniyalarini xususiylashtirish O‘zbekistonning fond bozorini rivojlantirishga turtki bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlamoqda. Bu jarayon aholiga o‘sib borayotgan iqtisodiyotga sarmoya kiritish imkoniyatini yaratishi ko‘zda tutilgan. Bu borada allaqachon muhim ishlar amalga oshirildi, endigi asosiy vazifa esa erishilgan natijalardan unumli foydalanish va maksimal samaraga erishishdir.

O‘z navbatida, Franklin Templeton bu jarayonga faol tarzda jalb qilingan. Kompaniyaning asosiy maqsadi xalqaro institutsional investorlar uchun zarur bo‘lgan likvidlik darajasi va bozor chuqurligini yaratish orqali ularga O‘zbekiston bozoriga kirishni osonlashtirishdan iborat.

Regulyator muhiti va biznes transformatsiyasi

Uchinchidan, har kuni O‘zbekistonda faoliyat yuritar ekanmiz, biz regulyator muhitining rivojlanishi, biznesning transformatsiyasi va jahon biznes amaliyotlarining joriy etilishini kuzatyapmiz. Bu o‘zgarishlar juda tez sur’atda ro‘y bermoqda. Dunyo miqyosida faoliyat yuritayotgan kompaniya sifatida bunday xulosalarni bildirish uchun bizda yetarlicha asoslar mavjud.

Biz islohotlarga bo‘lgan irodani va davlat tomonidan o‘zgarishlarga yo‘naltirilgan energiyani his qilmoqdamiz. Dunyo bo‘ylab investorlar bilan muloqot olib borar ekanmiz, Yangi O‘zbekistonning imkoniyatlari va salohiyati haqidagi xabardorlikni oshirishga o‘z hissamizni qo‘shishga qat’iy bel bog‘laganmiz.

Mavzu bo'yicha materiallar