Toʻlovlar qayoqqa qarab ketmoqda
Toʻlovlardan kelayotgan daromadlar yuqoriga qarab oʻsishda davom etmoqda. 2023-yilda ushbu global industriyada umumiy qiymati $1,8 kvadrillion boʻlgan 3,4 trillion tranzaksiyalar amalga oshirilib, daromad hajmi $2,4 trillionni tashkil qildi. 2018-yildan 2023-yilgacha raqamlashtirish va foiz stavkalarining oshishi natijasida bozor ishtirokchilarining daromadlari yiliga 7 foizga oʻsdi. Yaqin yillarda daromadlarning oʻsish surʼatlari 5 foizgacha sekinlashsa-da, 2028-yil oxiriga kelib, ularning hajmi aql bovar qilmaydigan $3,1 trillionga yetadi. Shuningdek, mazkur toʻlovlar barcha bank daromadlarining uchdan bir qismidan koʻprogʻini tashkil etadi. Sohada nimalar sodir boʻlmoqda va kelgusida nimalar yuz beradi? McKinsey global hisoboti va mintaqaviy tadqiqotning asosiy xulosalarida koʻrish mumkin.
Keyingi besh yillikni 6 ta asosiy tendensiya belgilab beradi
1. Naqd pullar oʻladi, lekin taslim boʻlmaydi. Jahon bozorida naqd puldan foydalanish 2019-yildagi 80 foiz darajasidan yiliga 4 foizga kamayib bormoqda. Naqd pulda amalga oshirilayotgan $26 trillionlik toʻlovlarni raqamlashtirish uchun imkoniyatlar ochiladi, lekin oʻtish surʼatlari mintaqaga qarab oʻzgarib turadi. Bank kartalarini tarqatish darajasi past boʻlgan endi rivojlanayotgan mamlakatlarda naqd pullar tezkor toʻlovlar orqali siqib chiqariladi. Misol uchun, Hindistonda naqd pulning isteʼmol xarajatlaridagi ulushi keskin kamayadi, yaʼni 2028-yilga kelib, 23 foizdan 10 foizdan kamroqqa tushadi. Karta orqali toʻlovlar ustunlik qiladigan rivojlangan mamlakatlarda (masalan, AQShda naqd pul operatsiyalari umumiy isteʼmol xarajatlarining atigi 5 foizini tashkil etadi) esa naqd pulning muomaladan chiqishi sekinroq kechadi. Umuman olganda, 2023-yildan 2028-yilgacha naqd puldan foydalanishning umumiy global pasayish surʼati 2018-yildan 2023-yilgacha boʻlgan davrdagi 3 foizga nisbatan yiliga 1-2 foizgacha sekinlashadi. Vaholanki, Oʻzbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda sezilarli darajada oʻtish kuzatilmoqda. 2024-yilning toʻqqiz oyida mamlakatda bank kartalariga 740 trln soʻm yoki 2023-yilning shu davriga nisbatan 31 foizga koʻp mablagʻlar oʻtkazilgan. Shu bilan birga, mablagʻlarni naqdlashtirish ulushi qisqardi, yaʼni 2019-yildagi 32 foizdan 2023-yilda 24 foizgacha, 2024-yilning yanvar-sentabr oylarida 23 foizgacha.
2. Tez toʻlanadigan pullar gʻalabali yurishni davom ettiradi. Milliy toʻlov tizimlari modernizatsiya qilinmoqda. Kanadadan tashqari barcha geografik jihatdan yirik bozorlar tezkor toʻlovlar uchun infratuzilmaga ega. Ushbu tizimlar QR kodlar, raqamli hamyonlar, biometrik autentifikatsiya va mijoz uchun qulay boʻlgan boshqa texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa naqd pul va cheklardan voz kechish jarayonini tezlashtiradi. Hozircha kartalarning oʻrnini egallash qiyin boʻlmoqda, ular Mastercard va Visa kabi ochiq toʻlov tizimlari uchun ham, yopiq korporatsiyalar tizimlari uchun ham muhim toʻlov vositasi boʻlib, bozor ulushini saqlab qolishda davom etadi. 2023-yilda Oʻzbekistonda tez toʻlovlar tizimi orqali amalga oshirilgan toʻlovlar hajmi 2022-yilga nisbatan qariyb 1,4 baravarga oshib, 603,8 trln soʻmni tashkil etdi. 2024-yilning toʻqqiz oyida bu koʻrsatkich oʻsishda davom etib, 628 trln soʻmni tashkil etdi. Ushbu oʻsish fonida 2023-yilda xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida masofaviy operatsiyalarning ulushi toʻlov hujjatlari umumiy hajmining 92 foiziga yetdi, bu esa hisobvaraqlarni boshqarish va raqamlashtirishni jadallashtirish vositasi sifatida tezkor toʻlovlarning ahamiyati ortib borayotganini taʼkidlaydi.
3. Raqamli infratuzilmani kengaytirish raqamli toʻlovlarning oʻsishiga xizmat qiladi. Braziliya, Estoniya va Hindiston kabi mamlakatlarda raqamli ijtimoiy infratuzilmani yaratish tashabbuslari raqobatbardosh, ishonchli va arzon raqamli toʻlov ekotizimlarini shakllantirishda muhim rol oʻynaydi.
4. Vositachilar bosimni davom ettiradi. Savdo bozori Shopify, Square va Toast kabi platformalar atrofida, shuningdek, Amazon, eBay va Etsy kabi global savdo maydonchalarida birlashishda davom etmoqda. Hozirda isteʼmol xaridlarining 30 foizi ularning hissasiga toʻgʻri keladi, bu Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 25-30 foiz va AQShda 35-40 foizni tashkil qiladi. Square, SumUp va Toast kichik va oʻrta biznesga mustaqil dasturiy taʼminot provayderlari sifatida integratsiyalashgan yechimlarni taklif qiladigan kichik va oʻrta biznes segmentida ushbu platformalarning ulushi yanada yuqori. Yirik marketpleyslar mijozlar bilan ishlash ustidan nazoratni saqlab qolgan holda va qoʻshimcha xizmatlardan daromad olib, toʻlovlarni mustaqil ekvayerlarga oʻtkazmoqda.
5. Bank xizmatlari tobora koʻproq mijozlar tajribasiga yoʻnaltirilmoqda. Operatsion xizmat koʻrsatish bankning muhim raqobat ustunligi va daromad manbai boʻlib qolmoqda. Yondashuvlar turlicha boʻladi: Citi Bank, HSBC va JPMorgan Chase investorlar eʼtiborini operatsion xizmat koʻrsatish boʻlinmalarini rivojlantirishga qaratadi, Santander va PagoNxt kabi boshqalar esa alohida biznes sifatida toʻlovlarga eʼtibor qaratadi. Shu bilan birga, Goldman Sachs va Royal Bank of Canada depozitlarni jalb qilish uchun AQShda yangi xizmat koʻrsatish nuqtalarini yaratmoqda.
6. Markaziy banklarning raqamli valyutalari (MBRV) real voqelikka aylanmoqda. Markaziy banklarning 90 foizdan ortigʻi raqamli valyutalarni chiqarish imkoniyatlarini oʻrganmoqda yoki chiqarish ustida ish olib bormoqda. 30 dan ortiq mamlakatlar boʻlsa, shu jumladan, Avstraliya, Braziliya va Fransiya tajriba loyihalarini ishga tushirdi. Toʻgʻri, amalga oshirilgan raqamli valyutalari soni hali koʻp emas.
Bozor salohiyati — $1 trillion. Qaysi yoʻnalishlar eng istiqbolli?
McKinsey hisoboti investitsiyalar uchun uchta asosiy sohaga eʼtibor qaratadi.
1. Tez toʻlovlar sohasidagi jozibador nishalar. Tahlilchilar bu sektorda eng koʻp qiziqarli «nishon»larni koʻrmoqda.
Birinchi oʻrinda bu transchegaraviy toʻlovlar boʻlib, ular anʼanaviy ravishda past tezlik, yuqori narx, oʻrtacha shaffoflik va ichki toʻlovlarga nisbatan kamroq jozibador foydalanuvchi tajribasiga ega. Tez toʻlovlar paydo boʻlishi bilan isteʼmol talabi va meʼyoriy baza oshib, kamchiliklar bartaraf etildi. Transchegaraviy toʻlovlar tez oʻsib bormoqda. Buyuk Britaniyada kichik va oʻrta korxonalarning 23 foizi transchegaraviy toʻlovlar uchun fintech va boshqa nobank yetkazib beruvchilar xizmatlaridan muntazam foydalanadi. Mikrofirmalar uchun bu koʻrsatkich yanada yuqori — 30 foiz. Kichik va oʻrta biznes korxonalarining 60 foizi, hatto qoʻshimcha xarajatlarni talab qilsa ham transchegaraviy yetkazib beruvchilarni almashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
2. Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash. Onlayn savdoda firibgarlikning oʻsish surʼati tranzaksiyalar hajmining oʻsish surʼatidan ikki baravar yuqori va buning uchun nimadir qilish kerak boʻladi.
Firibgarliklar xilma-xil: jinoyatchilar telefon, matnli xabarlar, elektron pochta, ilovalardan foydalanadilar va avtomatik rejimda ommaviy shaxsiylashtirilgan kontent yaratish imkonini beruvchi generativ sunʼiy intellektdan allaqachon foydalanmoqda. AQSh va Buyuk Britaniyadagi mijozlarning 50 foizdan ortigʻi oʻz banklari uchinchi shaxslarning harakatlari natijasida yuzaga kelgan zararlarni qoplashi kerak deb hisoblashadi, 77 foiz esa qoplashdan bosh tortgan taqdirda hamkorlikni toʻxtatishga tayyor. Bozor ishtirokchilari real yoki deyarli real vaqt rejimida firibgarlikni aniqlash va oldini olish tizimlariga pul sarflashlari kerak boʻladi.
3. Texnologiyalarning yangi avlodiga investitsiyalar. Regulyatorlar toʻlov jarayonlarining tezligi va samaradorligiga talablarni kuchaytirmoqda, mijozlar toʻlovning yangi usullarini va firibgarlikdan himoyani kuchaytirishni talab qilmoqda. Tashkilotlar raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun ishonchli infratuzilma va texnologiyalarga sarmoya kiritishi kerak boʻladi.
Tezkor toʻlovlarni rivojlantirish katta hajmdagi tranzaksiyalarni qayta ishlash va real vaqt rejimida taqqoslash, nizolarni hal qilish va mablagʻlarni qaytarishni taʼminlaydigan kliring va hisob-kitob infratuzilmasini yaratishni talab qiladi. Buning uchun kun-u tun nazorat qilish va firibgarlikning oldini olish, shu jumladan, mijozlarni muntazam tekshirish va sunʼiy intellektdan foydalanish zarur.
Texnologik modernizatsiyaga yoʻl murakkabdir. Koʻplab banklar va ularning yetkazib beruvchilari oʻn yillar oldin eskirgan tizimlarda ishlashni davom ettirmoqda. Raqamli transformatsiya dasturlari tezda oʻzini oqlamagani sababli, tranzaksiyalar uchun komissiyalar kamayishi bilan banklarning texnologik yangilanish imkoniyatlari qisqaradi, shu bilan birga, muqarrarligicha qoladi. Shuningdek, bozorning yangi ishtirokchilari zamonaviy platformalarda toʻlov tizimlarini bir necha hafta ichida yoʻlga qoʻyishmoqda.