Kursiv-logo
TBC-logo
Maxsus loyiha

Raqamli gigiyena: ijtimoiy injeneriya davrida pulingizni qanday himoya qilish kerak

Raqamli xizmatlar bir necha soniya ichida pul o‘tkazish, xaridlar uchun to‘lov qilish va hisobvaraqlarni boshqarish imkonini beradi. Biroq moliyaviy xizmatlar rivojlanishi bilan firibgarlik usullari ham rivojlanib va o‘zgarib bormoqda. Firibgarlar tobora ko‘proq bank tizimini buzib kirishga emas, balki mijozning o‘zini maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish yoki operatsiyani tasdiqlashga ko‘ndirishga urinmoqda. Bunday usul ijtimoiy injeneriya deb ataladi. Firibgarlar insonning qo‘rquvi, ishonchi va shoshqaloqligidan foydalanib, uni ma’lumotlarni tekshirmasdan harakat qilishga undaydi. Masalan, ular bank nomidan qo‘ng‘iroq qilib, hisobvaraqdan shubhali pul yechilgani haqida xabar beradi, havolaga o‘tishni, SMS-kodni aytishni yoki telefonga masofadan kirish imkonini beruvchi ilovani o‘rnatishni taklif qiladi. Bunday vaziyatda eng muhim himoya chorasi — shoshilmaslik. Agar suhbatdosh pulni zudlik bilan o‘tkazish, kodni aytish yoki boshqa harakatlarni bajarishni talab qilsa, suhbatni to‘xtatib, bank bilan rasmiy aloqa kanallari orqali mustaqil bog‘lanish ma’qul.

Qanday ma’lumotlarni himoya qilish muhim hisoblanadi

Raqamli xavfsizlik nafaqat parollar va tasdiqlash kodlarini himoya qilishga, balki shaxsiy hamda moliyaviy ma’lumotlarning qayerda va qanday saqlanishiga ham bog‘liq. Firibgarlik xavfini kamaytirish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:

  • Bank kartalarining fotosuratlari, rekvizitlari va boshqa moliyaviy ma’lumotlarni telefon galereyasida, Telegram, messenjerlar va boshqa himoyalanmagan ilovalarda saqlamaslik
  • Karta fotosuratlari, shaxsiy ma’lumotlar va bank rekvizitlarini messenjerlar orqali begona shaxslarga yubormaslik
  • Shubhali havolalarga o‘tmaslik, noma’lum manbalardan ilova yoki fayllarni yuklab olmaslik
  • Noma’lum manbalardan o‘rnatilgan ilovalarga zaruratsiz SMS, bildirishnomalar, kontaktlar va telefonning boshqa funksiyalaridan foydalanish huquqini bermaslik
  • Ilovalarni rasmiy manbalardan yuklab olish, operatsion tizim va ilovalarni muntazam yangilab borish
  • PIN-kodlar, parollar va bir martalik tasdiqlash kodlarini uchinchi shaxslarga bermaslik.
Telefon orqali qaysi ma’lumotlarni berish mumkin emas

Bu nima uchun muhim

Zararli ilovalar qurilmadagi ma’lumotlar, jumladan, SMS-xabarlar, bildirishnomalar, kontaktlar va saqlangan fayllardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda firibgarlar Telegram kabi messenjerlarga ham kirib, ulardagi ma’lumotlardan keyingi firibgarlik harakatlarida foydalanishi mumkin. Alohida olingan ma’lumotlar bank hisobvarag‘iga kirish uchun yetarli bo‘lmasa ham, ularning birgalikda qo‘lga kiritilishi firibgarlarga muayyan mijozga qaratilgan hujumni tayyorlash yoki uni aldashda yordam berishi mumkin. Shu sababli nafaqat bank ilovasini, balki qurilmaning o‘zini, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar saqlanadigan barcha ilovalar va aloqa kanallarini himoya qilish muhim. Bank xodimlari «pulni himoya qilish» yoki «firibgarlik operatsiyasini bekor qilish» bahonasida bunday ma’lumotlarni so‘ramaydi. Agar kimdir o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, kodni aytishni, masofadan kirish dasturini o‘rnatishni yoki pulni «xavfsiz hisobvaraq»qa o‘tkazishni so‘rasa, bu suhbatni to‘xtatish uchun yetarli sababdir.

Fishingni qanday aniqlash mumkin

Fishing — soxta saytlar, elektron xatlar va xabarlar orqali shaxsiy yoki moliyaviy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish usuli. Firibgarlar ishonch uyg‘otish uchun taniqli banklar, do‘konlar va yetkazib berish xizmatlarining tashqi ko‘rinishini takrorlaydi. Masalan, mijozga buyurtma bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgani yoki shaxsini tasdiqlashi zarurligi haqida xabar keladi. Xabardagi havola tashqi ko‘rinishidan haqiqiy saytga o‘xshaydigan, aslida esa ma’lumotlarni yig‘ish uchun yaratilgan sahifaga olib boradi. Xavfni kamaytirish uchun bir nechta qoidaga amal qilish muhim:

  • SMS va messenjerlar orqali kutilmaganda kelgan havolalarga o‘tmaslik. Buning o‘rniga rasmiy ilova yoki saytni mustaqil ochish ma’qul
  • Sahifa manzilini tekshirish. Soxta domen haqiqiy manzildan atigi bitta harf bilan farq qilishi mumkin
  • Begona shaxslarning iltimosiga ko‘ra ilovalar o‘rnatmaslik. Ayniqsa, ekran, xabarlar yoki qurilmani boshqarish huquqini so‘raydigan ilovalardan ehtiyot bo‘lish
  • Bosim ostida qaror qabul qilmaslik. Hisobvaraq zudlik bilan bloklanishi yoki shubhali faollik aniqlangani haqidagi xabarlarni rasmiy kanallar orqali tekshirish zarur.

Havola tanishingizdan kelgan bo‘lsa ham bu uning xavfsizligini anglatmaydi. Chunki tanishingizning akkaunti buzib kirilgan bo‘lishi mumkin.

Fishing: haqiqiy xabarni soxtasidan qanday ajratish mumkin

Internetdan xavfsiz xarid qilish

Firibgarlik xavfi nafaqat to‘lov vaqtida, balki sotuvchi bilan muloqot jarayonida ham yuzaga kelishi mumkin. Shu sababli xarid qilishdan oldin do‘konning faoliyat tarixi, mustaqil platformalardagi sharhlar, aloqa ma’lumotlari va tovarni qaytarish shartlarini tekshirish tavsiya etiladi. Haddan tashqari arzon narx, pulni zudlik bilan o‘tkazish talabi va xavfsiz to‘lov usullaridan bosh tortish shubha uyg‘otishi kerak. Onlayn xaridlar uchun alohida virtual kartadan foydalanish mumkin. Bu xarid xarajatlarini boshqa moliyaviy operatsiyalardan ajratish imkonini beradi. Shu bilan birga, to‘lov sahifasini tekshirish va notanish saytlarda karta rekvizitlarini saqlamaslik muhim. Xariddan so‘ng bank bildirishnomalari va operatsiyalar tarixini kuzatib borish kerak. Agar noma’lum pul yechish operatsiyasi aniqlansa, darhol bankka murojaat qilish zarur.

Internetdan xavfsiz xarid: to‘lovdan oldin nimalarni tekshirish kerak

TBC Bank mijozlar mablag‘larini qanday himoya qiladi

Bank xizmatlari xavfsizligi bir necha bosqichli himoya tizimiga asoslanadi. Bular ilovaga kirishni himoyalash, qurilmalarni tekshirish va moliyaviy operatsiyalarni tahlil qilishdan iborat. TBC Bank bu maqsadda identifikatsiya va autentifikatsiya mexanizmlari, qurilmalarni tekshirish, tizimga kirishga shubhali urinishlarni nazorat qilish hamda antifraud tizimlaridan foydalanadi. Antifraud tizimlari — banklar, to‘lov xizmatlari, marketpleyslar va boshqa kompaniyalarga firibgarlik operatsiyalarini aniqlash hamda ularning oldini olishda yordam beradigan texnologik yechimlar. TBC Bank xavfsizlik bo‘yicha eksperti bunday himoya qanday ishlashini tushuntirib berdi: «Biz xavfsizlikni ko‘p bosqichli tizim sifatida ko‘ramiz. Birinchi bosqich — bank ilovasiga kirishni himoya qilish. Bunga identifikatsiya va autentifikatsiya, qurilmalarni tekshirish, tizimga kirishga shubhali urinishlarni nazorat qilish hamda harakatlarni tasdiqlashning qo‘shimcha mexanizmlari kiradi. Ikkinchi bosqich — qurilmaning texnologik himoyasi. Biz uning xususiyatlarini tahlil qilamiz va ehtimoliy tahdidlarni, jumladan, shubhali ilovalar, zararli dasturiy ta’minot va masofadan kirish vositalarini aniqlaymiz. Uchinchi bosqich — tranzaksiyalarni antifraud tizimi orqali tekshirish. Har bir operatsiya mijozning xatti-harakati, qurilma xususiyatlari, pul o‘tkazmasi yoki to‘lov parametrlari hamda boshqa omillar hisobga olingan holda baholanadi. Bu firibgar mijozning ayrim ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan taqdirda ham shubhali faollikni aniqlash imkonini beradi». Himoya tizimi operatsiyalarni foydalanuvchining harakatlari bilan bog‘liq holda ham tahlil qiladi. Masalan, tizimga qaysi qurilmadan kirilgani, qurilma xususiyatlaridagi o‘zgarishlar va pul o‘tkazishdan oldingi shubhali faollik belgilari hisobga olinadi. Agar tizim ehtimoliy tahdidni aniqlasa, bank qo‘shimcha tasdiqlashni talab qilishi, ayrim harakatlarni vaqtincha cheklashi yoki vaziyatni antifrod jamoasi mutaxassislariga tekshirish uchun yuborishi mumkin. Ekspert bunday tizim qanday ishlashiga misol keltirdi: «Agar mijozning smartfonida SMS-kodlarni tutib olishi yoki bank ma’lumotlariga kirishi mumkin bo‘lgan zararli ilovani aniqlasak, bank o‘zi chiqargan kartalarni vaqtincha bloklashi mumkin. Mijozga xavfli ilovani o‘chirish tavsiyasi bilan bildirishnoma yuboriladi. Tahdid bartaraf etilgach, kartalardan foydalanish imkoniyati avtomatik tarzda yoki bank orqali tiklanishi mumkin».

Himoyaning bir necha bosqichi: biometriya, limitlar, kartani bloklash va monitoring

TBC Bank mijozlari uchun qanday vositalar mavjud

Ichki himoya tizimlaridan tashqari, TBC Bank mijozlarga ilova orqali o‘z mablag‘larini mustaqil boshqarish vositalarini ham taqdim etadi. Foydalanuvchilar balansni tekshirishi, operatsiyalar va pul tushumlari tarixini ko‘rishi, to‘lovlar haqida ma’lumot hamda elektron cheklarni olishi mumkin. Agar karta yo‘qolsa yoki uning ma’lumotlari begona shaxslarga ma’lum bo‘lganiga shubha tug‘ilsa, mijoz uni ilova orqali mustaqil ravishda vaqtincha bloklashi mumkin. Buning uchun ilovadagi kartalar bo‘limini ochish, kerakli kartani tanlash va bloklash funksiyasidan foydalanish kifoya. Bu kartadan foydalanishni tezda cheklash imkonini beradi. Agar noma’lum pul yechish operatsiyasi aniqlansa yoki firibgarlikka shubha tug‘ilsa, bankning rasmiy aloqa kanallari orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga ham murojaat qilish kerak.

Agar firibgarlarga duch kelgan bo‘lsangiz nima qilish kerak?

Agar begona shaxslarga maxfiy ma’lumotlaringizni bergan bo‘lsangiz yoki ular qurilmangizga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritganidan shubhalansangiz, tezkor choralar ko‘rish muhimdir:

  • Shubhali suhbatdosh bilan muloqotni to‘xtating va uning ko‘rsatmalarini bajarmang
  • Bank ilovasidagi so‘nggi operatsiyalarni tekshiring
  • Zarurat tug‘ilsa, kartani vaqtincha bloklang
  • Bankning rasmiy ilovasi yoki qo‘llab-quvvatlash xizmati raqami orqali bog‘laning
  • Begona shaxslarga ma’lum bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan parollarni o‘zgartiring va bog‘langan akkauntlar xavfsizligini tekshiring
  • Agar hisobvaraqdan pul yechib olingan bo‘lsa, bu haqda bankka xabar bering va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Agar firibgarlarga duch kelgan bo‘lsangiz nima qilish kerak

Muhim: Notanish shaxsning ko‘rsatmasiga amal qilib, pul o‘tkazmasini mustaqil bekor qilishga urinmang. Qo‘shimcha to‘lov qilish yoki kodlarni berish evaziga pulni qaytarish haqidagi takliflar firibgarlik sxemasining davomi bo‘lishi mumkin.

Raqamli gigiyena — moliyaviy savodxonlikning bir qismi

Bank texnologiyalari mablag‘larni himoya qilish, shubhali faollikni aniqlash va ehtimoliy xavflarni cheklashga yordam beradi. Biroq foydalanuvchilarning kundalik odatlari ham muhim o‘rin tutadi. Ishonchli parollardan foydalanish, havolalarni tekshirish, operatsiyalarni nazorat qilish va maxfiy ma’lumotlarni taqdim etish haqidagi so‘rovlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish shular jumlasidandir. Asosiy qoida — bosim ostida moliyaviy qaror qabul qilmaslik. Agar kimdir pulni zudlik bilan o‘tkazish, kodni aytish yoki operatsiyani tasdiqlashni talab qilsa, harakatni to‘xtatib, ma’lumotni mustaqil tekshirish ma’qul. Bankning texnologik himoyasi va mijozning ongli xatti-harakatlari uyg‘unligi firibgarlik xavfini kamaytirish hamda shaxsiy mablag‘lar ustidan nazoratni saqlab qolishga yordam beradi.

Shuningdek qarang