Mashhur texnobloger JerryRigEverything o‘zining navbatdagi sinovida Samsung’ning yangi flagmani Galaxy S25 Ultra smartfonining mustahkamligini tekshirdi. Ushbu sinovda smartfon ekrani, kamerasi, egilish darajasi va chidamliligi sinovdan o‘tkazildi.
Bloger Mohs shkalasi bo‘yicha tirnalish testini o‘tkazib, ekran odatdagidek 6-darajali materiallar bilan chizila boshlaganini aniqladi. Bu barcha zamonaviy premium-smartfonlar uchun odatiy holat. Shuningdek, kamera modullari atrofidagi halqalarni olib tashlashga harakat qilindi, biroq ular juda yaxshi yopishtirilgan bo‘lib, oddiy foydalanish paytida hech qanday muammo tug‘dirmasligi aniqlandi.
Sinovning eng qiziqarli qismi esa egilish testi bo‘ldi. Samsung Galaxy S25 Ultra mustahkamligi bilan ajralib turib, bosimga bardosh berdi va hech qanday shikast yetkazilmadi. Blogger smartfonning umumiy bardoshliligini yuqori baholab, qurilmaning sifatli materiallardan tayyorlanganini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 Ultra imkoniyatlari boshqa flagmanlar bilan taqqoslangani haqida xabar bergan edi.