
Chevrolet Cobalt bozorda eng ommabop modellardan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq hatto ushbu ishonchli avtomobilning ham o‘ziga xos kamchiliklari bor. Kursiv Avto ushbu modelning eng keng tarqalgan muammolari ro‘yxatini tuzdi.
Unga ko‘ra, ushbu avtomobil egalari Cobalt’ning ishonchliligi va uzoq umr ko‘rishi haqida ijobiy fikr bildirishadi. Ammo bu avtomobil ba’zi muhim konstruktiv xususiyatlarga ega bo‘lib, ularni xarid qilishdan oldin hisobga olish lozim.
Markaziy qulf tizimi muammolari – Vaqt o‘tishi bilan masofadan boshqarish pulti ishlamay qoladi, lekin diagnostika aniq sababni ko‘rsatmaydi. Muammoni hal qilish uchun markaziy qulf blokini almashtirish tavsiya etiladi.
Egzoz gazlarini qayta aylantirish valfi (EGR) – P0405 xatosi eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri. Kontaktlarni tozalash mumkin, lekin Chevrolet Cruze dan analog valf o‘rnatish tavsiya etiladi, chunki u arzonroq.
Ichki plastik qismlarning tez eskirishi – Material sifatining pastligi tufayli asboblar paneli va salon qoplamalari quyosh nuri ta’sirida tezda yaroqsiz holga keladi. Maxsus bo‘yoq yoki torpedo uchun yopqichlar muammoni hal qilishga yordam beradi.
Konditsioner va oynalarning terlash muammosi – Ventilatsiya tizimidagi nosozliklar oynalarning tez-tez terlashiga olib keladi. Cobalt’dagi konditsioner eng ishonchli tizimlardan biri emas, u ko‘pincha freon sizib chiqishi sababli ishdan chiqadi.
AKB chirog‘ining yonib turishi – Batareya indikatorining hech qanday sababsiz yonib turishi generator kuchlanish regulyatori nosozligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning narxi taxminan 10 ming tengeni tashkil etadi.
Ortib borayotgan shovqin va vibratsiyalar – G‘ovakli roliklar, absorbatsiya klapanining chiyillashi va sovuq motor ishga tushirilganda gidrousilitelning shovqini Cobalt uchun odatiy holat bo‘lib, ular avtomobilning ishlashiga ta’sir qilmaydi.
Avtomat uzatmalar qutisining sovitish tizimidagi oqishlar – Alohida qismlar ulanadigan joylarda muammolar yuzaga kelishi mumkin. Ko‘pincha trubalarni almashtirish yoki moyga chidamli shlanglar bilan vaqtinchalik ta’mirlash talab etiladi.
Drom.ru saytida foydalanuvchilar tez sinadigan eshik tutqichlari va avtomobilning eski dizayni haqida ham shikoyat qilishmoqda. Ba’zi foydalanuvchilar kerakli ehtiyot qismlarni topish qiyinligini ham ta’kidlashgan.
Barcha kamchiliklariga qaramay Cobalt arzon texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari va og‘ir sharoitlarda ishlashga chidamliligi tufayli mashhurligini saqlab qolmoqda. Ammo uni sotib olishdan oldin, ayniqsa, ko‘plab Cobalt’lar taksida ishlatilishini inobatga olish lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda Chevrolet Cobalt sotuvi 24,7 foizga oshgani haqida yozgan edik.