Chery Exeed VX C-DM gibrid Xitoyda sotuvga chiqdi

25-fevral 2025 10:57 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir
Foto: Chery

Chery kompaniyasi o‘zining yangi Exeed VX C-DM plaginli gibrid yo‘ltanlamasini Xitoy bozorida 239,9 ming yuan ($33 ming) boshlang‘ich narx bilan sotuvga chiqardi. Ushbu avtomobil 1300 km.gacha aralash masofani bosib o‘tish imkoniyatiga ega va tez orada xalqaro bozorga ham chiqariladi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.

Model o‘zining xalqaro debyutini 23-fevral kuni Saudiya Arabistonida o‘tkazdi. Shu bilan birga, Xitoyda u Exeed Lanyue C-DM nomi ostida taqdim etildi.

Foto: Chery

Dizayn va o‘lchamlar
Exeed VX C-DM 5010/1940/1800 mm o‘lchamlarga va 2900 mm g‘ildirak bazasiga ega. Old qismi katta radiator panjarasi bilan jihozlangan bo‘lib, orqa qismida esa ikkita vertikal LED chiroq mavjud. Kuzov atrofida ko‘plab xrom bezaklar joylashtirilgan bo‘lib, umumiy ko‘rinishi klassik vagon uslubini eslatadi.

Foto: Chery

Ichki jihozlar
Model olti va yetti o‘rinli variantlarga ega. Salonda MBUX giperekran dizayni asosida joylashtirilgan uchta ekran mavjud: ikkita 12,3 dyuymli ekran hamda 15,6 dyuymli markaziy displey. Olti o‘rinli versiyada ikkinchi qatorda isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega alohida kapitan stullar joylashgan.

Foto: Chery

Texnik imkoniyatlar
Kaput ostida Exeed VX C-DM 1,5 litrli 115 kVt quvvatga ega turbomotor va 165 kVt quvvatli old elektr motor bilan birgalikda ishlovchi uch pog‘onali DHT vites qutisi joylashgan. Orqa aksida esa 175 kVt quvvatga ega qo‘shimcha elektr motor mavjud. Natijada umumiy quvvati 610 ot kuchi (455 kW) va 920 Nm () momentga yetadi. Mashina 100 km/soat tezlikka 5 soniyada erishadi.

Batareya va masofa
Exeed VX C-DM 180 km elektr rejimi uchun CATL ishlab chiqargan NMC batareyasiga ega. 70 litrli yonilg‘i baki bilan to‘liq quvvatlangan holda 1300 km masofani bosib o‘tish mumkin. Batareya to‘liq quvvatsizlanganida mashina har 100 km uchun 6,88 litr yoqilg‘i sarflaydi.

Narx va komplektatsiya
Boshlang‘ich narx $33 ming bo‘lib, standart model quyidagi jihozlar bilan keladi:

  • 23 karnayli Lion Melody audio tizimi;
  • LED faralar;
  • ikki qavatli old oynalar;
  • isitiladigan va shamollatiladigan old o‘rindiqlar.

Yuqori darajadagi trim versiyasi esa 259 ming yuan ($35,8 ming) turadi. Unda qo‘shimcha:

  • ko‘proq xavfsizlik yostiqchalari;
  • isitiladigan va shamollatiladigan ikkinchi qator o‘rindiqlari;
  • ikki qavatli orqa oynalar;
  • ilg‘or havo tozalash tizimi mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chery O‘zbekistonda yangi gibrid modelini taqdim etishga tayyorligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek