«Chelsi» Abduqodir Husanov uchun qancha to‘lamoqchi

27-sentabr 2026 09:03 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Londonning «Chelsi» klubi «Manchester Siti» va O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovni kuzatmoqda.
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Londonning «Chelsi» klubi «Manchester Siti» va O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovni kuzatmoqda. Klub 2027-yil yanvaridagi transfer oynasida futbolchini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida Britaniya OAVlari xabar bermoqda.

Husanovga yana uchta klub qiziqmoqda

Caught Offside ma’lumotlariga ko‘ra, «Chelsi» Husanovning «Manchester Siti»dagi holatini kuzatayotgan klublardan biri. Manbada yana uchta Angliya Premyer-ligasi klubi ham o‘zbekistonlik himoyachiga qiziqish bildirayotgani qayd etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, «Chelsi» Husanovni jamoaning o‘yin tizimiga mos futbolchi deb hisoblamoqda va yanvar oyida taklif bilan chiqishi mumkin. Biroq hozircha London klubi yoki «Manchester Siti» tomonidan muzokaralar boshlanganiga oid rasmiy ma’lumot berilmagan.

80 mln funt sterlinglik taklif haqidagi xabar tasdiqlanmadi

Ayrim nashrlarda «Chelsi» Husanov evaziga himoyachi Malo Gustoni taklif qilishi, rad javobi olinsa esa 80 mln funt sterling to‘lashga tayyor ekani yozilmoqda.

Biroq Kursiv Uzbekistan tekshirgan ishonchli Britaniya va xalqaro manbalarda 80 mln funt sterlinglik taklif yoki Husanovni Malo Gusto bilan almashtirish rejasi tasdiqlanmadi. Hozircha asosiy xabar «Chelsi» futbolchini kuzatayotgani va potensial transfer imkoniyatini o‘rganayotgani bilan cheklanmoqda.

Shu sababli Husanov «tarixdagi eng qimmat himoyachilardan biriga aylanishi mumkin» degan sarlavhani hozircha fakt sifatida berish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Husanovning «Manchester Siti» bilan shartnomasi 2031-yilgacha

22 yoshli Abduqodir Husanov 2025-yil yanvarida Fransiyaning «Lans» klubidan «Manchester Siti»ga o‘tgan. 2026-yilda futbolchi klub bilan yangi besh yillik shartnoma imzoladi va uning amaldagi kelishuvi 2031-yilgacha mo‘ljallangan.

2025/26-yilgi mavsumda u «Manchester Siti» safida 37 uchrashuvda maydonga tushgan hamda Angliya kubogi va Liga kubogini qo‘lga kiritgan. Klub Husanovni o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi sovriniga uch nomzoddan biri sifatida ham ko‘rsatgan.

Avvalroq «Kursiv» Husanovning ehtimoliy «Chelsi»ga transferi Toshkentning «Bunyodkor» klubiga sezilarli moliyaviy tushum keltirishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek