
Amerikalik tyuning ustasi Hennessey Performance 1991-yilda tashkil etilganining nishonasi sifatida maxsus ishlab chiqilgan Super Venom Mustang modelini taqdim etdi. Ushbu superkar faqat 91 dona ishlab chiqariladi va o‘zining kuchli texnik ko‘rsatkichlari hamda eksklyuziv dizayni bilan ajralib turadi. Bu haqda 32cars.ru nashri ma’lum qildi.

Ford Mustang’ning odatiy versiyasidagi Coyote V-8 dvigateli zavoddan 500 ot kuchi ishlab chiqarsa, Hennessey uni qo‘shimcha 350 ot kuchiga kuchaytirib, umumiy quvvatni 850 ot kuchiga yetkazdi. Xaridorlar 10 pog‘onali avtomat yoki 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Super Venom Mustang tashqi ko‘rinish jihatidan ham ancha o‘ziga xos. Mashina 1991-yilda kompaniyaning asos solingan sanasini aks ettiruvchi 91 Icon liveriyasi bilan jihozlangan bo‘lib, qora, kumush va qizil ranglar uyg‘unligida taqdim etiladi. Shuningdek, mashina 20 dyuymli yengil g‘ildiraklar va eksklyuziv Hennessey nishonlari bilan bezatilgan.

Avtomobilning dvigatel bo‘limi ham o‘ziga xos tarzda ishlangan bo‘lib, unda uglerod tolali detallarga ega plaket joylashtirilgan. Hennessey, shuningdek, sovitish tizimini ham takomillashtirgan bo‘lib, bu avtomobilning trek sharoitida yanada samarali ishlashini ta’minlaydi.
Super Venom Mustang paketi Mustang Dark Horse modeli uchun $163,9 mingdan, Mustang GT modeli uchun esa $149,4 mingdan boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ford Mustang GTD xaridorlariga ikki yil davomida qayta sotish taqiqlanishi haqida xabar bergan edi.