Narzulla Saydullayev: Oʻzbekiston Qirgʻiziston ustidan gʻalaba qozonish ehtimoli yuqori

20-mart 2025 13:59 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir
Futbol
Narzulla Saydullayev: Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Qirgʻiziston ustidan gʻalaba qozonish ehtimoli yuqori / Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi oʻyinda Oʻzbekiston terma jamoasi soʻzsiz favorit hisoblanadi. Buning bir nechta sabablarini Championat.asia sayti bosh muharriri Narzulla Saydullayev Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oʻzbekiston oʻz maydonida oʻynaydi. «Oʻz uyida devorlar ham yordam beradi» degan maqol bor. «Bunyodkor» stadioni bugun toʻlib toshishiga shubha yoʻq, muxlislar jamoaning haqiqiy 12-oʻyinchisi boʻlib berishadi.

«Ikkinchidan, Oʻzbekiston milliy jamoasi Qirgʻizistonga qarshi shu kungacha 10 marta maydonga tushgan va har safar gʻalaba qozongan. Sentabr oyida Bishkekda oʻtgan bahsda vakillarimiz 3:2 hisobida gʻalaba qozonishgandi», – deydi Saydullayev.

U, shuningdek, jamoalarning tarkibiy imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratdi va xalqaro tajribaga ega futbolchilarning ko‘pligi Oʻzbekiston jamoasining ustun jihatlaridan biri ekanini ta’kidladi.

«Legionerlar soni va sifati boʻyicha Oʻzbekiston Qirgʻizistondan anchagina ustun. Bizning tarkibimizda «Manchester Siti», «Roma», SSKA, «Rubin», «Persepolis», «Istiqlol» kabi klubdan futbolchilar bor», – deydi u.

Narzulla Saydullayevning ta’kidlashicha, Oʻzbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishni maqsad qilgan. Qirgʻiziston esa hozircha keyingi saralash bosqichiga chiqishni asosiy maqsad sifatida ko‘rmoqda. Hozirgi kunda Oʻzbekiston hisobida 13 ochko bo‘lsa, Qirgʻiziston 3 ochkoga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ertaga Qirgʻizistonga qarshi oʻyinda maydonga oq rangli liboslarda chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek