Abdusattorov amerikalik o‘rniga mukofot jamg‘armasi $680 minglik turnirda qatnashadi

8-aprel 2025 10:34 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir
Nodirbek Abdusattorov
Nodirbek Abdusattorov kuchli start bilan hayratlantirdi / Foto: Chess.com

Nodirbek Abdusattorov amerikalik shaxmatchining o‘yindan chiqishi sababli mukofot jamg‘armasi $680 ming bo‘lgan shaxmat turnirida ishtirok etmoqda. Parijda shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan nufuzli Freestyle Chess Grand Slam turniri start oldi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.

Bu musobaqaning Germaniyada o‘tgan dastlabki bosqichida Nodirbek Abdusattorov 6-o‘rinni egallagandi. Parijdagi navbatdagi bosqich oldidan amerikalik shaxmatchi Hans Niyemann turnirdan chiqib ketganini bildirganidan so‘ng, tashkilotchilar uning o‘rniga Nodirbekka imtiyozli yo‘llanma – wild card taklif qilishdi va Abdusattorov bu imkoniyatni ilk kunning o‘zidayoq a’lo darajada oqladi.

U 6 tur davomida 5 ochko jamg‘arib, norvegiyalik afsona Magnus Karlsen bilan musobaqa jadvalining yuqori pog‘onasida qo‘shhokimlik qilmoqda. Nodirbek dastlabki turda Germaniya chempioni Vinsent Keymarni, keyinchalik Fabiano Karuana (AQSH), Richard Rapport (Vengriya) va Vidit Gujratini (Hindiston) mag‘lub etdi, Maksim Vashe-Lagrev (Fransiya) va Yan Nepomnyashiy (Rossiya) bilan durang o‘ynadi. Turnirning ikkinchi kunida Abdusattorov Karlsen, Gukesh Dommaraju, Xikaru Nakamura, Arjun Erigaisi va Rameshbabu Praggnanandha kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaydi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi $680 mingni tashkil qilmoqda, g‘olib $200 mingni qo‘lga kiritadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov Titled Tuesday turniri g‘olibiga aylangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek