
2025-yil 20-aprel kuni Olmaota shahrida o‘tkazilgan Almaty Half Marathon musobaqasi davomida ikki ishtirokchi vafot etdi. Bu haqda musobaqa tashkilotchilari ma’lum qildi. Halok bo‘lganlar 84 yoshli Akkoyan Rsaliev va 21 yoshli Nurbol Ahmadi bo‘lgan.
«Tadbir reglamentiga muvofiq tarzda harakat qilindi: tibbiyot xizmati, tez yordam va politsiya zudlik bilan yetib keldi. Barcha ko‘rilgan choralarga qaramay ishtirokchilarning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi», – deya bayonot berdi tashkilotchilar.
Akkoyan Rsaliev va Nurbol Ahmadi ilgari ham Olmaotadagi sport musobaqalarida qatnashgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning vafotiga o‘pka arteriyasining tiqilib qolishi (tromboemboliya) sabab bo‘lgan.
Rsaliev Toshkent vaqti bilan 08:15 da, Ahmadi esa oradan bir soat o‘tib vafot etgan. Tashkilotchilar aniq sabab sud-tibbiy ekspertiza yakunida ma’lum bo‘lishini bildirdi.
Qozog‘iston Sport vaziri Erbol Mirzabosinov marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, voqea yuzasidan surishtiruv olib borilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, kelgusida bu kabi sport tadbirlarini o‘tkazish talablariga qo‘shimcha choralar kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, tromboemboliya qon tomirining qon quyqalari (tromblar) bilan to‘silib qolishi natijasida yuzaga keladigan xavfli holat hisoblanadi. Bu qon aylanishining keskin buzilishiga olib keladi va tezda yordam ko‘rsatilmasa, o‘limga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent bo‘lib o‘tgan marafonda ishtirokchilar soni rekord darajaga yetgan edi.