Samsung Galaxy S25 Ultra’da One UI 8 sinovdan o‘tkazildi

25-aprel 2025 11:14 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir
One UI 8
Samsung Galaxy S25 Ultra’da One UI 8 sinovdan o‘tkazildi / Foto: Sammobile

Samsung Galaxy S25 Ultra uchun Android 16 asosidagi One UI 8 interfeysining sinov versiyasi sinovdan o‘tkazildi. Yangi yangilanish katta o‘zgarishlar emas, balki kichik vizual yangiliklar va texnik qulayliklar bilan ajralib turdi. Bu haqda Sammobile nashri ma’lum qildi.

Yangi versiyada Quick Share funksiyasi yangilandi. Endi foydalanuvchi «Qabul qilish» yorlig‘i orqali telefonini boshqa qurilmalardan fayl olish uchun ochiq holatga keltira oladi. Galereya ilovasida yangi menyu uslubi va bir nechta fon rasmi ranglari qo‘shildi.

Samsung, shuningdek, Galaxy Buds qurilmalarini ulash jarayonida Galaxy Wearable ilovasini majburiy ochilmasligini ta’minladi. Endi foydalanuvchi naushnikni Bluetooth orqali ulaganida, ilova avtomatik ochilmaydi.

Biroq One UI 8 hali ham xatolardan xoli emas. Masalan, Galaxy S25 Ultra’da Now Bar jonli bildirishnomalari ishlamaydi. Bu xatolik sinovdagi dasturiy ta’minot uchun tabiiy hol deb baholandi.

Umuman olganda, yangi yangilanish yirik One UI versiyasi sifatida ko‘proq kosmetik o‘zgarishlar va Google’ning Android 16 bazaviy yangiliklariga asoslangan. Hozircha katta o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Samsung ushbu yangilanishni kelgusi uch oy ichida kengroq qurilmalarga taqdim etishni rejalashtirmoqda. Kompaniya kelajakda yangilanishga yangi funksiyalar qo‘shish ehtimoli bor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Galaxy qurilmalari batareyasi yaxshilanishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek