
Italiyaning Lamborghini avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi yangi Temerario nomli gibrid superkarini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida xabar qildi.
Ushbu yangi model kompaniyaning afsonaviy Huracan avtomobili o‘rnini bosishi kutilmoqda. Superkar 2025-yildan boshlab yo‘llarda paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Temerario 920 ot kuchiga ega 4 litrli ikkita turbinali V8 dvigateli bilan jihozlangan. Shuningdek, unga ulangan uchta elektr motor 800 Nm aylanish momentini ta’minlaydi. Superkar 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 2,7 soniyada chiqadi, maksimal tezligi esa 343 km/soatni tashkil qiladi.

Mashina 3,8 kVt-soatli litiy-ionli batareyaga ega gibrid transmissiya bilan jihozlangan. Aerodinamikasi «Formula-1» poygalari talablariga mos ravishda ishlab chiqilgan: burilma generatsiyasi, olti burchakli havo teshiklari va sozlanadigan orqa qanot yordamida Huracan Evo bilan solishtirganda 158 foziga ko‘proq bosim kuchi (downforce) hosil qilinadi.
Temerario saloni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan: 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli, 8 dyuymli sensorli ekran va uchta to‘liq raqamli displey mavjud.

Shuningdek, besh xil haydash rejimiga ega shassi boshqaruv tizimi mavjud. Ulardan biri – to‘liq elektr Citta rejimi bo‘lsa, boshqasi – drift uchun mo‘ljallangan sport uslubidagi Corsa Plus rejimidir.

Yangi Lamborghini Temerario’ning boshlang‘ich narxi taxminan $400 ming bo‘lishi kutilmoqda. Dastlabki yetkazib berishlar shu yildan boshlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lamborghini ilk elektromobilini 2029-yilda chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.