
Nissan’ning premium brendi – Infiniti Xitoy bozorida yangi QX80 2025 yo‘ltanlamasini taqdim etdi. Model ikkita to‘liq yurituvli versiyada taklif qilinmoqda: Sensory AWD $165 ming, Autograph AWD $188 ming, deya yozmoqda ITHome.

Tashqi ko‘rinishi o‘tgan yilgi modelga o‘xshash: yirik old panjara, yoritiluvchi logotip, ajratilgan LED chiroqlar, yashirin eshik tutqichlari va uzluksiz orqa chiroqlar. Bazaviy to‘plamga 22 dyuymli diskalar, panoramali tom, avtomatik yukxona eshigi va elektr boshqariluvchi zinapoyalar kiradi.
Salon ikki dona 14,3 dyuymli ekran, 14,3 dyuymli proeksion displey va 9 dyuymli iqlim boshqaruv ekraniga ega. 24 dinamikli Klipsch audio tizimi, 8 yo‘nalishda sozlanadigan old o‘rindiqlar massaj, isitish va sovitish funksiyalari bilan birga taqdim etiladi – bularning barchasi bazaviy paketda mavjud.

Sensory AWD versiyasi 8 o‘rinli (2-3-3) bo‘lib, qora, och jigarrang va jigarrang ranglarda taklif etiladi. Salonda yarim-anilin charm qoplamalar qo‘llanilgan.
Autograph AWD esa 7 o‘rinli (2-2-3) bo‘lib, bordo rangdagi eksklyuziv salon, alcantara shift, ikki rangli charm, yog‘och panellarida lazerli naqsh va rulda maxsus logotipga ega.

Texnik jihatdan, QX80 2025 3,5 litrli ikki turbo V6 dvigatel bilan jihozlangan (450 ot kuchi, 700 Nm) va 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisiga ega. Modelda aqlli to‘liq yurituv tizimi, 6 harakat rejimi, adaptiv pnevmosuspensiya, elektron amortizatorlar va orqa differensialni bloklash funksiyasi standart tarzda mavjud. O‘lchamlari jihatidan QX80 Toyota Land Cruiser 300’dan katta.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nissan Qashqaiʼning keyingi avlodi toʻliq elektromobil boʻlishi haqida yozgan edik.