
2025-yil iyun oyidan boshlab Toshkentda «O‘zbekiston – iste’dodlar vatani» nomli keng ko‘lamli yoshlar harakati boshlanadi.
Loyiha faol va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, sport va ijodiy muhitni rivojlantirish, shuningdek, ijobiy ijtimoiy muhitni shakllantirishga qaratilgan.
5 – 10-iyun kunlari Milliy kutubxona oldidagi maydonda dastlabki tadbirlar o‘tkaziladi. Asosiy e’tibor futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning «JCH – 2026» saralash o‘yinlariga qaratiladi. BAA (5-iyun) va Qatar (10-iyun)ga qarshi uchrashuvlar to‘g‘ridan to‘g‘ri katta ekranda namoyish etiladi.
Shuningdek, shoular, konsertlar, tematik dasturlar, blogerlar va yoshlar ishtirokidagi interaktiv chiqishlar rejalashtirilgan. Ishtirokchilar @land_uzbot Telegram-boti orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Harakat doirasidagi tadbirlar yil davomida poytaxt bo‘ylab davom etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat terma jamoasining BAA va Qatarga qarshi bahslar uchun qaydnomasi e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.