
Kia’ning Avstraliyadagi ofisi Tasman pikap mashinasi asosida yangi SUV ishlab chiqilishini ochiqladi. Yangi model Toyota Land Cruiser Prado va Ford Everest bilan raqobatlashadi va uning chiqarilishi 2029-yilgacha kutilmoqda.
Kia Australia kompaniyasining shassi bo‘yicha bosh muhandisi Grehem Gambold Carsales nashriga bergan intervyusida bir qancha ma’lumotlarni aytdi.
Unga ko‘ra, yangi model Toyota Land Cruiser Prado va Ford Everest bilan raqobatlashadi. Kia Tasman’ga asoslangan SUV qachon ommaviy axborot vositalari bilan ochiq muhokama qilinishi mumkinligi haqidagi savolga uch yildan keyin mazmunidani javobni bergan.



Marketing bo‘limi rahbari Din Norbiato esa avvalo, Tasman’ning muvaffaqiyati muhimligini ta’kidladi. Uning aytishicha, pikapning bozorda o‘z o‘rnini topishi yangi loyihalarga yo‘l ochadi.
Carsales nashrining yozishicha, Kia mahsulot qatorida katta ramali SUV uchun joy bor. Tasman pikapi ishlab chiqilgani esa unga mos platforma va kuch uzatmalar tizimi mavjudligini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri KIA Sportage 2025 taqdim etilgani haqida yozgan edi.