
Mazda kompaniyasi 2025-yilgi Chongqing xalqaro avtosalonida o‘zining barcha modellarini taqdim etdi. Tadbirda ayniqsa Mazda EZ-60 modelining mahalliy debyuti katta e’tiborga sazovor bo‘ldi. CarNewsChina nashrining yozishicha, model allaqachon 26 mingdan ortiq buyutma olgan.
Mazda va Changan Auto hamkorligida ishlab chiqilgan EZ-60 o‘rta hajmdagi SUV sifatida bozorga chiqmoqda. 6-iyun holatiga ko‘ra, avtomobilga 26 mingdan ortiq kichik depozit asosidagi buyurtmalar berilgan.

Buyurtmachilarning asosiy qismini 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan shahar aholisi tashkil etmoqda – 76% yoshlar, 71% esa birinchi va ikkinchi toifadagi yirik shaharlardan.
Avtomobilda segmentida ilk bor qo‘llanilgan texnologiyalar mavjud. U 100 dyuymli ko‘zoynaksiz 3D proyeksion displey (HUD), ko‘z harakatini kuzatuvchi tizim va turli avtomobil boshqaruv interfeyslarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

HUD tizimi murakkab yo‘l infratuzilmasiga ega Chongqing shahridagi qatnovlar uchun ayni muddao.
EZ-60, shuningdek, 23 dinamikli Dolby Atmos audio tizimi, yorug‘lik darajasiga moslashuvchi 26,45 dyuymli 5K suzuvchi ekran va 4-nanometrlik aqlli chip bilan jihozlangan. Bu chip avtomobil ichidagi 1 700 dan ortiq funksiyalarni boshqarishni ta’minlaydi.

Mazda EZ-60 hozirda kichik depozitli oldindan buyurtma tizimi orqali taklif qilinmoqda. Xaridorlar 10 yuan (taxminan 1,5 dollar) evaziga mashinani band qilishlari mumkin. Har kuni depozit miqdori oshib boradi, ammo umumiy to‘lov avtomobil narxidan chegirib beriladi. Buyurtmalar rasmiy sayt, ilova, mini dastur yoki ruxsat etilgan dilerlar orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, avtosalonda Mazda EZ-6 Sport Edition modelining ham taqdimoti bo‘lib o‘tdi. U qora tashqi detal, kovan disklar, qizil tormoz supportlari va qizil tikuvlar bilan bezatilgan zamsh salon bilan farqlanadi. Sport Edition versiyasi to‘rt xil komplektatsiyada taqdim etildi, boshlang‘ich narxi 161 800 yuan (taxminan $22 ming).

Mazda EZ-6 allaqachon Yevropaga eksport qilinmoqda. Modelda 9 ta xavfsizlik yostiqchasi mavjud va u Xitoy hamda Yevropa xavfsizlik standartlariga to‘liq javob beradi. Model C-IASI va Euro NCAP sinovlaridan ham o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mazda Chevrolet Tracker narxidagi avtomobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.