
BYD tomonidan 25-iyun kuni yangi BYD M9 elektromobili Meksikada rasman taqdim etiladi. Bu avtomobil ilgari Xitoyda «Xia» nomi bilan sotuvga chiqqan bo‘lib, endilikda xalqaro bozorga BYD M9 nomi ostida chiqmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

M9 – bu gibrid (benzin va elektr) dvigatelli miniven bo‘lib, oilaviy foydalanish uchun mo‘ljallangan. U bitta to‘ldirishda aralash holatda 945 km masofani bosib o‘tishi mumkin. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 8,1 soniyada chiqa oladi. Uning yoqilg‘i sarfi 100 km ga atigi 5,9 litrni tashkil etadi. Akkumulyatori esa 30% dan 80% gacha bor-yo‘g‘i 18 daqiqada quvvatlanadi.

BYD M9 Xitoyda 2025-yil 8-yanvarda savdoga chiqqan bo‘lib, narxi 249 800 yuan (taxminan 34 750 AQSh dollari) edi. Yanvardan may oyigacha ushbu modeldan 14 962 dona sotilgan. Solishtirish uchun, BYD kompaniyasining yanada qimmatroq bo‘lgan Denza D9 miniveni shu davrda 44 676 dona sotilgan.
Kompaniya BYD M9’ni xalqaro bozorda ham ommalashtirish niyatida.
Shu kungacha Xitoydan 500 dona M9 eksport qilingani ma’lum bo‘ldi. Rasmiy BYD Meksika sahifasida aytilishicha, bu yilgi eng kutilgan taqdimot aynan shu modelga tegishli. Taqdimot marosimi 25-iyun kuni soat 11:00 da jonli efirda namoyish etiladi.
Ta’kidlash joizki, taqdimotda ko‘rsatilgan vaqt Meksika vaqti bo‘yicha — 2025-yil 25-iyun, soat 11:00 (CDT). Vaqt farqini inobatga olgan holda, ushbu tadbir Toshkent vaqti bilan 25-iyun kuni soat 21:00 da boshlanadi.

BYD M9 minivenining dizayni zamonaviy bo‘lib, old qismida katta panjara, yirik faralar va xromli elementlar mavjud. Orqa tomonida esa bir butun yoritgich va spoyler bor. Avtomobil o‘lchamlari: uzunligi 5145 mm, kengligi 1970 mm, balandligi 1805 mm, g‘ildirak bazasi esa 3045 mm.
BYD M9 keyingi bosqichda Osiyo davlatlariga ham taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD’ning yangi oilaviy avtomobili taqdim etilishi haqida yozgan edi.