O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida 34 ta medal bilan to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi

26-sentabr 2026 13:57 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida 34 ta medal bilan to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi
Foto: Sport vazirligi

Yaponiyada davom etayotgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 34 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Dunyo» ma’lumotiga ko‘ra, sportchilar hisobida 8 ta oltin, 17 ta kumush va 9 ta bronza medal bor.

Medallar jadvalida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya kuchli uchlikni egallab turibdi.

Suxrob Xo‘jayev oltin medal oldi

Yengil atletikada Suxrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish bahsida 74,38 metr natija ko‘rsatib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Baydarka va kanoeda eshkak eshishda ham O‘zbekiston vakillari sovrinli o‘rinlarni egalladi. Shahriyor Mahkamov erkaklar o‘rtasidagi K1 dasturining 500 metr masofasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Arina Tanatmisheva hamda Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova juftligi o‘z yo‘nalishlarida kumush medallarga sazovor bo‘ldi.

Sport gimnastikasida Rasuljon Abdurahimov qo‘shpoya mashqida 14,433 ball to‘plab, bronza medalini oldi.

O‘zbekiston U23 yarim finalga chiqdi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U23 terma jamoasi chorak finalda Saudiya Arabistonini 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Gollarni Dilshod Murtazoyev, Azizbek To‘lqinbekov va Firdavs Abdurahmonov kiritdi.

Ravshan Haydarov boshchiligidagi jamoa 30-sentabr kuni yarim finalda Yaponiya va KXDR uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.

26-sentabr kuni ham medallar uchun bahslar davom etadi

26-sentabr kuni O‘zbekiston sportchilari yengil atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, og‘ir atletika, sinxron suzish hamda boks bo‘yicha medallar uchun kurashadi.

Boksda Sitora Turdibekova va Samandar Olimov, og‘ir atletikada esa Adhamjon Ergashev hamda Diyorbek Ro‘zmetov bahslarga kirishadi.

Shuningdek, O‘zbekiston erkaklar xokkey terma jamoasi Xitoyga, ayollar gandbol jamoasi esa Qozog‘istonga qarshi maydonga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik hakamlar Osiyo o‘yinlari chorak finalini boshqarishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek